Nukusda joriy yil sentabr oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari sovrindori bo‘lgan qoraqalpog‘istonlik sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangidan bunyod etilgan Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorat maktabida tashkil etilgan tadbirda sport faxriylari, murabbiylar, yosh sportchilar ishtirok etdi.
Qit’amizning eng kuchli sportchilari bellashgan nufuzli musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida qatnashgan og‘ir atletikachi Rustam Jangaboyev birinchi o‘rinni egallab, oltin medalga sazovor bo‘ldi. U 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltinchi o‘rinni, Qatarning Doxa shahrida o‘tkazilgan Osiyo kubogi musobaqasida birinchi o‘rinni, joriy yil aprel oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, xalqaro musobaqalarda yurtimiz dovrug‘ini dunyoga tanitgan sportchi Rustam Jangaboyevga “Nexia” avtomobilining kaliti topshirildi.
Shuningdek, V Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashib, bronza medalga sazovor bo‘lgan sportchilar – muaytay bo‘yicha Ubbiniyoz To‘reniyozov, erkin kurash bo‘yicha Davletbike Yaxshimuratova va Sevara Yeshmuratova hamda sportchilarni musobaqalarga tayyorlagan murabbiylar Mansur Chashimov, Qutlimurat Jumanov, Damir Hasanov va Nukusboy Daniyorovga televizorlar topshirildi.
G‘olib sportchilarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov tabriklab, sovg‘alar topshirdi.