Mamlakat nomini oʻzgartirishga hojat yoʻq!

Qozogʻiston parlamenti cenati raisi Qasim-Jomart Toqayev deputatning Qozogʻiston nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifiga munosabat bildirdi.
“Nom – Qozogʻiston Respublikasi deya oʻzgarmay qolishi kerak. Prezidentimiz tomonidan juda koʻp xalqaro shartnomalar Qozogʻiston Respublikasi nomidan imzolangan. Davlat nomini oʻzgartirishga asos va mantiq yoʻq. Bizda bundan boshqa koʻplab muammolar yetarli”, deya bayonot berdi Tokayev.
Qozogʻiston nomini Qozoq Respublikasiga oʻzgartirish borasida oʻtgan haftada Majlis deputati Azat Peruashev taklif bilan chiqqan edi. Bosh vazirga yoʻllagan soʻrovida deputat 2020 yilda boʻlajak mustaqil Qozogʻiston davlatchiligi platformasi boʻlgan SSSR tarkibida Qozoq Respublikasi tashkil etilganligining 100 yilligi nishonlanishini taʼkidlab oʻtgan edi.
2014 yil fevralida Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Otiraudagi Intellektual maktabga tashrifi va mahalliy jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvi chogʻida mamlakat nomidagi “iston”dan voz kechish lozimligini va Qozogʻistonni Qazaq eliga oʻzgartirish ehtimoli borasida taklif bergan edi. Oʻshanda bu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar mavzusiga aylangan edi.

 

OʻzA