Klaus Mangold, “Mangold” konsalting guruhi raisi:

– Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar mamlakatning dunyoga tobora ochilishi, Germaniya, qolaversa, Yevropa Ittifoqi uchun hamkorlik yoʻlidagi katta imkoniyatdir. Mazkur forum ham nemis ishbilarmonlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qiziqishidan dalolat beradi. Bu orqali qishloq xoʻjaligi, kimyo, oziq-ovqat, neft va gaz sanoati sohalarida maqsadli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati tugʻiladi. Germaniya ishbilarmonlari bu jarayonni jadallashtirishga oʻz hissasini qoʻshish istagida.

Oʻzbekistonda ayni paytda koʻplab ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganiga guvohman. Mamlakatingiz endilikda Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy oʻsishiga turtki boʻlishi lozim. Bugungi tadbir Germaniya Prezidentining mamlakatingizga tashrifi bilan davom etib qolmay, balki nemis ishbilarmonlari delegatsiyasining joriy yil kuzidagi tashrifi bilan bogʻlanib ketadi.

Shtefan Ekkert, “Humana” korxonasi boshqaruvi direktori:

– Biz uch yarim yildan buyon Oʻzbekistondagi sheriklar bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz. Maqsadimiz Oʻzbekiston bozorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga hissamizni qoʻshishdir. Biz bolalar oziq-ovqatlari ishlab chiqarish sohasidagi loyihamizni amalga oshirish barobarida vitaminlarga boy mahsulotlarga boʻlgan talabni ham qondirish istagidamiz. Nafaqat xomashyoni qayta ishlash, balki jahon standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bordik va ikki tomonlama kelishuvlarga erishdik. Galdagi vazifamiz moliyaviy va texnik masalalarni hal qilib loyihani ishga tushirish.

Stefan Yench, “Obermayer“ kompaniyasi direktori:

– Oʻzbekistonlik hamkorlar bilan oʻzaro kelishuv imzolaganimizdan xursandmiz. Navbatdagi uchrashuvlarda texnika sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari toʻgʻrisida kelishib olamiz. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun infratuzilmani rivojlantirish eng muhim omillardan hisoblanadi. Tadbirga 300 ga yaqin ishbilarmonlar tashrif buyurgani bizni hayratda qoldirdi. Bu dastlabki hamkorligimiz uchun yaxshi koʻrsatkichdir. Biz nafaqat texnika sohasida hamkorlik qilamiz, balki mamlakatlarimiz oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Bu esa biz ishbilarmonlar uchun mamlakatingizda loyihalarimizni rejalashtirishga puxta zamin yaratadi.

Andrey Noviskiy, BCG-Boston konsalting guruhi hamkori va boshqaruvchi direktori:

– Oʻzbekistonda BCG bilan hamkorlikda bir qancha loyihalar amalga oshirildi. Hamkorlik Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini tadqiq etishdan boshlangan edi. Uning doirasida oʻnlab xorijiy sarmoyadorlar va yuzlab mahalliy tadbirkorlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazildi. Maqsad qaysi yoʻnalishlarda ilgʻor mamlakatlardan farqli jihatlar mavjudligi, qaysi yoʻnalishlarga oʻzgartirishlar kiritish kerakligini aniqlashdan iborat edi. Shunga koʻra, qonunchilikning soliq, bojxona, eksport-import sohalari boʻyicha oʻzgartishlar kiritishga oid takliflar dasturi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda mana shu oʻzgarishlarning ilk samaralari namoyon boʻlmoqda. Natijada Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qiziqish ortib bormoqda, nemis kompaniyalari ham yurtingizga investitsiya kiritish yuzasidan shartnomalar imzolashga tayyor.

Sara Borella, GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi oliy kengashi aʼzosi:

– Forum doirasida GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim qadamlardan biridir. Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi GFRdagi yirik uyushma boʻlib, uning vazifasi korxonalarni birlashtirish va tashqi bozorga chiqishiga koʻmaklashishdan iborat.

Biz Oʻzbekistonga muhim mamlakatlardan biri sifatida qaraymiz. Palatamiz nemis korxonalariga investitsiya kiritish va oʻzaro tovar aylanmasini oshirishda koʻmaklashadi. Kelgusida Germaniya va Oʻzbekistondagi barcha kompaniyalar oʻzaro hamkorlik qilishi, yangi sheriklar topib, ular bilan shartnomalar imzolashi, oʻzaro tovar aylanmasini oshirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Stefan Xayd, “Roland berger“ kompaniyasi vakili:

– Dunyoning 50 mamlakatidan 2 mingdan ziyod maslahatchi faoliyat olib borayotgan kompaniyamiz bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi bilan qoʻshma loyiha ustida ish olib bormoqda. Avtomobil yoʻllari tarmogʻi xususiy kapitalni jalb qiluvchi manbadir. Shu bois, biz oʻz tajribamizni davlat xususiy sherikchiligi munosabatlari asosida yoʻlga qoʻyish niyatidamiz.

Zuzana Frans, ODDO BHF (Fransiya – Germaniya moliyaviy xizmatlar guruhi) mintaqalararo boshqaruvi direktori:

– “Oʻzsanoatqurilishbank” bilan 50 million yevrolik loyihani moliyalashtirish uchun bitim imzoladik. Oʻtgan yili savdoni moliyalashtirish, gʻaznachilik, mutaxassislarni oʻqitish sohalari boʻyicha oʻzbek korxonalari bilan hamkorlikda ishlash, sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida yurtingizda boʻldik. Kelgusida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

Oʻzbekiston – Markaziy Osiyodagi eng ishonchli mamlakat. Soʻnggi yillarda yurtingizda yuz berayotgan oʻzgarishlar koʻpchilik sarmoyadorlarni oʻziga jalb etmoqda. Xususan, xususiy sektor sohasi hamda sanoat korxonalaridagi koʻplab sarmoyadorlarimiz Markaziy Osiyoga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Oʻzbekiston banklari bilan birga ularning rejalarini amalga oshirish va mamlakatingiz iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishda koʻmak koʻrsatamiz, degan umiddamiz.

OʻzA