Huquqiy ongsiz huquqiy madaniyatga erishib boʻlmaydi

Shu jihatdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni xalqchil va hayotiy hujjat boʻldi.
Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul yuridik yordam koʻrsatilishi va boshqa jihatlar qamrab olingani ham buning yorqin tasdigʻidir. Bu uning ezgu gʻoyalarga yoʻgʻrilganini ham anglatadi.
Darhaqiqat, mazkur farmon ushbu sohada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlardan tubdan farq qiladi. Unda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga jazoni ijro etish muassasalarida masofadan turib taʼlim olish imkoniyatini yaratish ham koʻzda tutilgan. Bu kabi qoidalar esa insonparvarlikning yuksak namunasidir.
Farmon bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi, uni amalga oshirish uchun “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangani uning ijrosi uchun katta qulaylik yaratdi. Chunki xarita chuqur oʻylangan, mantiqiy ketma-ketlikka ega.
Avval qabul qilingan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturida asosiy eʼtibor huquqiy madaniyatga qaratilgan boʻlsa, bu safar nafaqat huquqiy madaniyat, balki huquqiy ongni yuksaltirish ham eʼtiborga olingan.
Maʼlumki, huquqiy ong qonun hujjatlarini bilish, huquqiy savodxonlik darajasini anglatadi. Huquqiy madaniyat esa ushbu bilimlarga tayangan holda qonun-qoidalarga amal qilishdir. Boshqacha aytganda, huquqiy ongsiz huquqiy madaniyatga erishib boʻlmaydi.
Shu jihatdan farmonda maqbul yondashuv mavjud. Yaʼni huquqiy ong va huquqiy madaniyatning uzviyligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Bu esa, shubhasiz, ushbu yoʻnalishda oʻziga xos tizim yaratilishiga zamin yaratdi.
Endilikda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yangicha prinsip asosida faoliyat yuritadi. Bu jarayonda ijtimoiy hayotning oltita asosiy subyekti toʻliq qamrab olinadi. Yaʼni huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish – “shaxs – oila – mahalla – taʼlim muassasasi – tashkilot – jamiyat” prinsipi boʻyicha uzviylikda tashkil etiladi.
Eng muhimi, bu jarayon maktabgacha taʼlim tizimidan boshlanadi. Mazkur tizimda “Bola huquqlari va majburiyatlari” mavzusida koʻrgazmali mashgʻulotlar olib boriladi.
3-7 yoshli farzandlarimizning ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalari hamda odob-axloq normalari chuqur singdiriladi. Bosh qomusimizning muhim jihatlari oʻrgatiladi. Bu esa kelajakda huquqiy jihatdan madaniyatli insonni tarbiyalash yoʻlida oʻziga xos poydevor vazifasini bajaradi.
Jamiyatda farmon asosida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish ‒ demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!” degan hayotiy gʻoya mustahkamlanmoqda.
Buning ahamiyati shundaki, Oʻzbekistonimiz oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan demokratik huquqiy davlat qonunlarni hurmat qiladigan yuksak huquqiy madaniyatli fuqarolar bilan barpo etiladi. Bu borada boshqacha yoʻl yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas.
Yuqorida qayd etilgan yangi prinsipning birinchi elementi sifatida shaxs belgilangani ham bejiz emas. Zero, aynan huquqiy madaniyatli fuqarolar – islohotlarning oddiy kuzatuvchisi emas, bevosita hayotga tatbiq etuvchisi, ijrochisi, kerak boʻlsa, tashabbuskoridir. Shu bois ham farmonda aynan yuqoridagi prinsipial gʻoya asosida fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Farmon bilan ilk marotaba huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishning zamonaviy, innovatsion usullari joriy etilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda huquqiy maʼlumotlar yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan milliy huquqiy internet portali, shuningdek, aholiga bepul maslahat berish portalini qamrab olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratiladi.
Xalqaro amaliyotda “pro bono” nomi bilan mashhur boʻlgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam koʻrsatish tizimi rivojlantiriladi.
“Soʻrov boʻyicha huquqiy targʻibot” loyihasi, yaʼni aholining kundalik ehtiyojidan kelib chiqib, ularni qiziqtirgan huquqiy mavzular boʻyicha targʻibotni amalga oshirish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi.
Mahallalarda fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida “Huquqiy axborot kuni” oʻtkaziladi.
Davlat boshqaruvi organlari jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni targʻib qilishga oid loyihalarni amalga oshirish uchun byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish vakolatiga ega boʻldi.
Farmonda davlat organlari xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga ushbu tizimning muhim omili sifatida alohida eʼtibor qaratilgan.
Haqiqatan ham davlat organlari xizmatchilari huquqiy ong va madaniyatda boshqalarga oʻrnak, namuna boʻlishlari talab etiladi. Shundagina jamiyatda aholi oʻrtasida qonunlarga boʻlgan ishonch, hurmat shakllanadi. Qonun oldida barchaning barobarligi amalda taʼminlanadi hamda qonuniylik muhiti qaror topadi.
Jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishning muhim, taʼbir joiz boʻlsa, birlamchi omili bu – taʼlim hisoblanadi. Shu munosabat bilan, farmonda yuridik taʼlimni takomillashtirish jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Taʼlim muassasalarining ushbu yoʻnalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishining samarali mexanizmlari kengaytiriladi. Turli huquqbuzarliklar, qoidabuzarliklar, giyohvandlik va boshqa salbiy hodisalarning oldini olish boʻyicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga erishish qonun ustuvorligiga, bu esa barchaning huquqlari taʼminlanishiga erishishning muhim shartlaridan. Bu ezgu gʻoyani hayotga tatbiq etish esa barchamizning birinchi galdagi vazifamizdir. Farmon bilan oldimizga qoʻyilgan vazifalarni bajarish boʻyicha barcha choralarni amalga oshiramiz. Bundan hech kim chetda turmasligi, aksincha oʻz hissasini qoʻshishga intilishi shart va zarur.
Jahongir Safarov,
IIV Tashkiliy departamenti
Yuridik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi,
yuridik fanlari doktori.

 

OʻzA