Nemis matbuoti Oʻzbekiston haqida

Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasidan maʼlum qilishlaricha, nemis kundalik gazetasida “Oʻzbekiston dunyoga eshigini ochmoqda” sarlavhali maqola chop etildi. 
Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamkorligida “Tagesspiegel“ gazetasida chop etilgan mazkur maqolada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sayyohlik sohasidagi soʻnggi islohotlar xususida soʻz yuritildi.
Albatta, bu Oʻzbekistonning islohotlarini Germaniyada yashovchilarga maʼlum qilib borish borasidagi birinchi qadam emas. Xususan, joriy yilning 16 yanvarida Berlinda uchrashuv oʻtkazilgan edi.
U “Davra” oʻzbek-nemis madaniy jamiyati va “Nihol” ilmiy-madaniy jamiyat vakillari tashkil etgan uchrashuvda Germaniya aholisiga Oʻzbekistonning turizm obyektlari, tabiati va qadimiy shaharlari haqida taqdimot boʻlgan edi. Unda mahalliy ommaviy axborot vositalarida Germaniya aholisi bilan muloqot qilish uchun turizm sohasida Oʻzbekistondagi soʻnggi ijobiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berish taklif qilingan edi.
Qayd etish joizki, 1945 yil 27 sentyabrda asos solingan bu gazeta poytaxtdagi eng yirik gazeta hisoblanadi va u faqat obuna orqali tarqatiladi. Ayni vaqtda u 148 ming nusxada chop etiladi.

 

OʻzA