Tinchlik va osoyishtalikni xalqimiz qanchalik qadrlasa, shu ne’matlar tufayli xotirjam va farovon hayot kechirayotgan bo‘lsa, ularni asrash, barqarorlikni ta’minlash davlatimizning bosh maqsadlaridandir. Bu yo‘lda barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuning uchun ham O‘zbekiston xalqaro miqyosdagi “Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi”da doim yuqori o‘rinni (2017-yil 2-o‘rin) zabt etib kelayotir.
Bunda mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimi zamon talablari darajasida takomillashtirilayotgani hamda soha xodimlarining o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni fidoyilik bilan bajarayotgani alohida o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida 25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda bu alohida ta’kidlandi.
Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ichki ishlar tizimi faoliyati samadorligini oshirish, uni zamonaviy bosqichga ko‘tarishga qaratilgan amaliy ishlar ro‘yobga chiqarilayotganini ta’kidladi.
Profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etildi.
Ichki ishlar idoralarining moddiy-texnik bazasi tubdan mustahkamlandi. Soha xodimlari jahon andozalariga mos aloqa, texnika va zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Tizimni nafaqat jismonan, balki ma’nan yetuk kadrlar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Harbiy-texnika instituti, Yong‘in xavsizligi institutiga har tomonlama yetuk yoshlar o‘qishga qabul qilinmoqda va ular zamonaviy ta’lim standartlari asosida tarbiyalanmoqda.
Ichki ishlar organlari xodimlarining aholi hamda o‘zini o‘zi boshqarish idoralari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Payshanba – profilaktika kuni sifatida belgilangani bu hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda ijobiy samara berayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 355 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmagani shuning natijasidir.
Ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibining nafaqat kasb mahorati, balki ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy-ijtimoiy va huquqiy bilimini oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoyalash, ularning xizmatini rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan ishlar sohadagi yutuqlarni ko‘paytirmoqda. Shu paytga qadar 1 ming 500 dan ortiq profilaktika inspektori xizmat uyi va imtiyozli avtotransport vositasi bilan ta’minlandi.
El-yurtimiz osoyishtaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan ko‘plab ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmati davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmon buning yaqqol tasdig‘idir.
Tadbirda bir guruh ichki ishlar xodimlariga Vatanimizning yuksak mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
– Kasb bayramimiz munosabati bilan hamkasblarimizning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani sohamizga bo‘lgan yuksak e’tibor va ishonch ifodasidir, – deydi “Jasorat” medali sohibi, Toshkent shahar Olmazor tumani ichki ishlar boshqarmasi profilaktika bo‘yicha katta inspektori Farrux Ro‘ziyev. – Ana shu ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi, mamlakatimiz osoyishtaligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilamiz.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha xodimlari va faxriylari ishtirok etgan tadbirga san’atkorlarning konsert dasturi bayramona ruh bag‘ishladi.
Norgul Abduraimova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA