Naqd pullarni bankomat orqali bank kartasiga oʻtkazish mumkin

Uzcard plastik kartalari saqlovchilari uchun bankomatlar orqali bank kartalari hisobini naqd pul mablagʻlari bilan toʻldirish imkonini beradigan yangi xizmat yoʻlga qoʻyildi.
Ilgari kartani naqd pul bilan toʻldirish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankka borishga toʻgʻri kelardi. Bu, ayniqsa, bank mijoz joylashgan joydan ancha yiroqda boʻlgan hollarda noqulayliklar tugʻdirardi.
Endi yaqin atrofda oʻrnatilgan NCR SelfServ 6632 rusumidagi bankomat orqali buni amalga oshirish mumkin. Bunday bankomatlar Agrobank, Xalq banki, Ravnaqbank, KDB va Hi-Tech banklarida oʻrnatildi.
Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmatida Norma portaliga berilgan tushuntirishga koʻra, hisobga kiritish uchun eng kam kupyuralar miqdori – bitta, eng koʻp miqdori esa – cheklanmagan deb belgilangan. Katta pul massasini bir yoʻla kiritish moʻljal qilinganda, uni qismlarga boʻlib kiritish zarur. Masalan, agar 100 ta banknota kiritiladigan boʻlsa, uni shunday qismlarga boʻlish kerakki, har biri 40 kupyuradan oshmasligi lozim.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA