Saylov tizimining huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda

Mamlakatimizda saylov huquqini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgani huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim omili boʻlib xizmat qilmoqda. Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan izchil, bosqichma-bosqich islohotlar natijasida demokratik talablar va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan milliy saylov tizimi yaratildi.
Mamlakatimizda saylov komissiyalari faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslari, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-bobida oʻz ifodasini topgan. Saylov huquqi har bir davlatning tarixiy anʼanalari, siyosiy tizimi, elektorat xulqi va boshqalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻz xususiyatlariga ega. Shu jihatdan olganda, milliy saylov qonunchiligimizning xorijiy mamlakatlarnikidan bir qator afzallik tomonlari ham bor. Bu doimiy ishlaydigan konstitutsiyaviy maqomga ega organ – Markaziy saylov komissiyasining faoliyat yuritishidir. Bunday maxsus saylov organi faqat saylovlar davrida emas, balki doimiy tarzda faoliyatni amalga oshiradi.
Joriy yil 25 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Prezidentning 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasining keng jamoatchilik oʻrtasidagi muhokamasi natijalari tahliliga bagʻishlangan masala koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat ishchi guruh Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
– Saylov kodeksi loyihasining mazmun-mohiyati tuman va shaharlardagi mahallalar, mehnat jamoalari hamda oʻquv muassasalarida keng jamoatchilik va siyosiy partiyalar vakillari, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari aʼzolari, deputatlar ishtirokida qizgʻin muhokama etildi, – deydi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati boʻlim mudiri Farhod Nasriddinov. – Unda aholi tomonidan asosan ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlari, mahalliy Kengashlarga saylovlarning xususiyatlari, siyosiy partiyalar vakolati, OAV vakillarining huquq va majburiyatlari yuzasidan koʻplab takliflar boʻldi. Bundan tashqari, 2018 yilning 6-7 sentyabr kunlari Saylov kodeksi loyihasi boʻyicha tegishli davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan fikr almashish maqsadida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va Venetsiya komissiyasi delegatsiyasi yurtimizga keldi. Delegatsiya vakillari tomonidan Oʻzbekistonda Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash va keyingi saylovlarda saylovchilarning elektron roʻyxati amal qilishi joriy etilayotgani ijobiy baholandi.
Maʼlumki, Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi amaldagi qonunlari asosida yaratildi.
2018 yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi oʻtkazildi. Mazkur forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomovning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB)ning direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda asosiy eʼtibor, saylov toʻgʻrisidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylovlarni demokratik tamoyillar va xalqaro standartlarga muvofiq ochiq, erkin oʻtkazish maqsadida YEXHT DIIHBning takliflari va tavsiyalari har tomonlama oʻrganilayotganiga qaratildi. Bevosita hamkorlik Markaziy saylov komissiyasi vakillarining Varshava (Polsha)da YEXHT DIIHBning insoniylik mezonlari boʻyicha yillik majlislaridagi ishtiroki doirasida ham amalga oshirilmoqda. Oʻz navbatida, YEXHT DIIHB direktori mamlakatimizda saylov tizimini yanada takomillashtirish masalalari, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil dekabr oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarga berilayotgan eʼtiborni yuqori baholadi.
Joriy yil davomida oʻtkazilgan bu kabi muhokamalardan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizda yaratilgan milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, xalqaro talab va andozalarga moslashtirishdir. Shuningdek, ularni Saylov kodeksida aks ettirish va oʻz navbatida fuqarolarimizning xohish-irodasini erkin ifoda etishga asos boʻlib, Konstitutsiyamizda belgilab berilgan saylash va saylanish huquqini taʼminlashdan iboratdir.
Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Mazkur hujjat asosida saylov tizimi va qonunchiligi yanada liberallashtiriladi, saylov komissiyalarining faoliyati samaradorligi oshiriladi. Markaziy saylov komissiyasining saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonida, tashkiliy, axborot-tahliliy, uslubiy, maslahat funksiyalari kuchaytiriladi.
Tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylovlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari ham qarordan oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlarini, yaʼni oʻz xohish-irodasini erkin ifodalash orqali davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanishlarini taʼminlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shuningdek, u saylovlarni oʻtkazishga masʼul boʻlgan va ularni tashkiliy-moddiy jihatdan taʼminlaydigan davlat organi boʻlib, davlat hokimiyati vakillik organlariga boʻladigan saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish vazifasini bajaradi.
Shuni taʼkidlash lozimki, saylovlarning mustaqil saylov organi tomonidan oʻtkazilishi siyosiy betaraflik (xolislik) prinsipi bilan uzviy bogʻliqdir. Mazkur prinsipning mohiyati shu bilan izohlanadiki, saylovlar mustaqil saylov organi tomonidan xalqaro standartlarga va amaldagi saylov qonunchiligiga muvofiq tarzda oʻtkaziladi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA