“BuildExpoUzbekistan – 2018” koʻrgazmasida zamonaviy mahsulotlar namoyish etilmoqda

“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida boʻlib oʻtayotgan “BuildExpoUzbekistan – 2018” koʻrgazmasida zamonaviy dekorativ qoplamalar, santexnika uskunalarining eng soʻnggi nusxalari, qurilish materiallari, oyna, eshik va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda. 
Bu yerda Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Rossiya, Germaniya, Portugaliya, Turkmaniston va Ukraina davlatlarining 50 ga yaqin kompaniyasi oʻz mahsulotlarini taqdim qilmoqda.
“EXPO POSITION” MCHJ tomonidan “Oʻzqurilishmateriallari” AJ va Oʻzbekiston mebel sanoati korxonalari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan koʻrgazmada qurilish sanoatining soʻnggi yutuqlari namoyon boʻlmoqda. Bu aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, tajriba almashish imkonini beradi.
“Mega Invest Industrial” MCHJ bazalt tolalari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. 2017 yilda Jizzaxda umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan iborat zavod qurildi.
– Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi, – deydi bosh menejer oʻrinbosari Ramir Ahmediyev. – Zavod quvvati yiliga 3 ming tonnadan ortiq bazalt tolasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Buning uchun qazib olingan xomashyoning 80 foizidan foydalanamiz, qolgani turli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ketadi. Shaxsiy laboratoriyamizda portlash quvvati va tola sifatini aniqlashga doir fizikaviy sinovlarni oʻtkazishimiz mumkin.
Maʼlumki, bazalt poʻlatga nisbatan 50 foiz arzon va zanglamaydi, uni tashishda katta yuk avtomobillari ijarasiga pul sarflash shart emas. Chunki bazalt besh barobar yengil boʻlib, oʻramlarga oʻraladi. Yana bir afzalligi shundaki, montaj qilinganda payvandchi va payvandlash uskunasi kerak boʻlmaydi, demak elektr energiyasi ham tejaladi.
Turli liftlar hamda lift uskunalarini ishlab chiqarish, ularga xizmat koʻrsatish va yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi “Toshafus” Oʻzbekiston – Koreya qoʻshma korxonasi ham koʻrgazmada ishtirok etmoqda. Joriy yilning oʻzida korxona tomonidan 500 dan ortiq lift yetkazib berildi.
Koʻrgazma ishtirokchilaridan yana biri “GROHE” kompaniyasi santexnika uskunalarining yirik ishlab chiqaruvchisidir. Bu yerda koʻchma koʻrgazma tashkil etilgan boʻlib, unda kulolchilik buyumlari, suvni tozalash, turli funksiyali dush tizimlari namoyish qilinmoqda.
– Biz isteʼmolchiga yuqori sifatli turli mahsulotlarning keng assortimentini taklif etayapmiz, – deydi kompaniya vakili Sergey Ilyushenkov. – Koʻhna va navqiron Samarqandda oʻz faoliyatimizni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz. Mamlakat boʻyicha 18 ta doʻkonimiz boʻlib, ularni Buxoro va Termiz shaharlarida ham ochish rejalashtirilmoqda.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida maʼlum bir sohada munosib oʻrin egallash juda muhim. “BuildExpoUzbekistan – 2018” koʻrgazmasi buning uchun qulay imkoniyat. Uzoq muddatli hamkorlik tamoyillari qurilish korxonalarining muvaffaqiyatli rivojlanishi kafolati hisoblanadi.

 

Irina Dolenko, OʻzA muxbiri