Xalqaro valyuta jamgʻarmasi soliq sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda texnik koʻmak koʻrsatmoqda

Joriy yilning 27-noyabridan 3-dekabriga qadar poytaxtimizda Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Oʻzbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda texnik koʻmaklashish boʻyicha navbatdagi missiyasi oʻz ishini davom ettirmoqda.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlarining tashrifi mobaynida Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyati hamda mutaxassislari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, Davlat soliq qoʻmitasida tashkil etilgan uchrashuv chogʻida ekspertlar soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, 2019-yilning 1-yanvaridan mamlakatimizda yangi soliq tartibi joriy etilayotgani tufayli soliq toʻlovchilarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tushunmovchilik va ziddiyatlarning oldini olish, kichik biznes subyektlari uchun soddalashtirilgan qoʻshimcha qiymat soligʻini tatbiq qilish, soliq toʻlovchilar bilan munosabatlarni takomillashtirishda maqbul mexanizmlar asosida zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

Shu bilan birga, davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik, dasturiy va axborot taʼminotini oqilona yoʻlga qoʻyish va shu orqali soliq toʻlovchilar uchun qulayliklar yaratish, elektron hisob-fakturalarning samarali tizimini joriy etish, “call-markaz” maxsus servisida aholiga axborot xizmatlari toʻliq koʻrsatilishiga erishish borasidagi amaliy ishlar ijrosiga toʻxtalib oʻtildi.

2A2A8930.JPG

Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari bilan yangi soliq tartiblari yuzasidan fikr almashib, ularning samarali ijrosini taʼminlash yoʻllarini koʻrib chiqdilar.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ekspertlari mamlakatimiz soliq tizimini oʻrganish asosida soliq maʼmuriyatchiligi boʻyicha strategik chora-tadbirlar rejasining asosiy tarkibiy qismlarini taqdim etadi.

Bundan tashqari, ushbu tashrif davomida mamlakatimizda soliq tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berish va bu yoʻnalishdagi islohotlarni amalga oshirishda hamkorlikning keyingi bosqichlari muhokama etildi.

Eslatib oʻtamiz, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki ekspertlari davlatimiz rahbari tomonidan soliq tizimini isloh qilish boʻyicha amaliy ishlarning samarali ijrosini taʼminlash uchun texnik tomonlama koʻmak koʻrsatish maqsadida jalb qilingan va bu borada ular oʻz tavsiyalarini berib kelmoqda.

 
Akmal Nazarov,
Davlat soliq qoʻmitasi
Jamoatchilik bilan aloqalar
va huquqiy axborot boʻlimi
davlat soliq katta inspektori

 

O’zA