Prezident qarori bilan tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyozlar berildi

Yuridik shaxslarga 2021-yil 1-yanvarga qadar soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-noyabrdagi “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyozlar berildi.

Xususan, yuridik shaxslar 2021-yil 1-yanvarga qadar zamonaviy issiqxona komplekslari, ularning butlovchi qismlari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarishda foyda soligʻi, yagona ijtimoiy toʻlov va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etildi. Boʻshab qolgan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya qilish va rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, zamonaviy issiqxona komplekslari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarish uchun talab etiladigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, xomashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etildi.

 

OʻzA