“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan navbatdagi soʻrov oʻtkazildi. Unga mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri aholisi qamrab olindi.
Tadqiqot mavzusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonlarining ijrosiga bagʻishlandi. Tadqiqot natijalari oʻzbekistonlik yoshlarning hayotiyqadriyatlari tizimida maʼlumot darajasini muntazam oshirish istagi ortib borayotganini koʻrsatdi. Bu – oliy, oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotga ega har ikkinchi yigit-qiz, oliy taʼlim muassasalari talabalari tomonidan taʼkidlandi. Bu mamlakatda olib borilayotgan yoshlar siyosatining samaradorligi, shuningdek, mehnat bozoridagi tarkibiy oʻzgarishlarga javob beradigan tizimni yaratish dolzarbligi, yoshlar orasida kasbga yoʻnaltirish sifati oshganligi, bandlikni taʼminlash va manzilli ishga joylashtirish uchun yaratilayotgan sharoitlardan dalolat beradi.
Soʻrov mamlakat yoshlarida oliy taʼlimning ijtimoiy ahamiyati muntazam yuksalayotganligini koʻrsatdi. Agar 2010 va 2011 yillarda yoshlarning uchtasidan biri oliy maʼlumot olishni xohlagan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2016 yilda 56,8 foiz, 2017 yilda 62,7 foiz, 2018 yilda 65,6 foizga oʻsdi. Yoshlar fan va pedagogika, biznes, xizmatlar va ishlab chiqarish, tibbiyot sohalari boʻyicha oliy maʼlumot olishni maqbul sohalar sifatida eʼtirof etdi.
Yoshlar tomonidan xorijiy tillarni oʻrganishni yaxshilash boʻyicha davlat tomonidan oʻz vaqtida qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati muhimligi qayd etildi.
Soʻrov oʻzbekistonlik yoshlarning avvalgidek xizmat pillapoyasidan koʻtarilishga boʻlgan intilishidan dalolat berdi. Shunday qilib, respondentlarning 53,6foizi bunga kasbiy malakasini oshirish hisobiga erishish istagini bildirgan. Respondentlarning yarmidan koʻpi mutaxassisligi boʻyicha oʻz bilimlarini tizimli ravishda oshirib borishga harakat qilmoqda, oliy maʼlumotli yoshlarning 83,8 foizi esa malakasini muttasil oshirmoqda. Bunda yoshlar tomonidan malaka oshirish boʻyicha shaxsiy imkoniyatlarni baholashning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda – soʻrov ishtirokchilarining 62,3 foizi shular jumlasidandir.
Soʻrov natijalariga koʻra, xususiy tadbirkorlik sohasida yoshlar ishtirokining anchayin past darajasi saqlanib qolmoqda, respondentlarning taxminan oʻn foizigina tegishli savolga ijobiy javob berdi. Respondentlarning 55,2 foizi uchun asosiy faoliyat turi yakka tadbirkorlik hisoblanadi. 18,1 foizi oilaviy biznes bilan shugʻullanadi, 12,4 foizi esa kichik korxonalarda faoliyat yuritadi. Savdo avvalgidek yosh tadbirkorlarning bandligidagi eng keng tarqalgan soha hisoblanib, mazkur sohada ishtirokchilarning 42,9 foizi, maishiy xizmat koʻrsatish sohasida 35,7 foizi, 12,4 foizi esa oziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida mehnat qiladi.
Tadqiqot mamlakat yoshlarining oʻzligini anglash darajasi jadal oʻsganligini aniqlash imkonini berdi. Bu yoshlarning dunyoqarashi kengayganligi, ularda vatanparvarlik, Vatanga iftixor va sodiqlik tuygʻulari shakllanganligida aks etadi. Oʻzbekistonning aksar yoshlari oʻzini vatanparvar deb hisoblaydi. Yosh avlod vakillari fikriga koʻra, vatanparvarlik “Vatanga muhabbat va iftixor”, “mamlakatning buyuk kelajagi yoʻlida kurash”, “xalqimiz tarixi, madaniyati va milliy anʼanalarini bilish va hurmat qilish”da namoyon boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlar jarayonida yoshlar faolligini oshirish boʻyicha qator yangi vazifalarni belgilab berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ularning ijrosiga yoʻnaltirilgan boʻlib, unda demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir islohotlarda yoshlar faolligini oshirish, yuksak maʼnaviyat, mustaqil fikrlash, mustahkam hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega, oʻzining bor kuch-gʻayrati, bilimi va salohiyatini xalq manfaatlari yoʻlida safarbar etish, zimmasiga mamlakat kelajagi uchun javobgarlikni olishga qodir, tashabbuskor, sergʻayrat yoshlar qatorini kengaytirish Yoshlar ittifoqi faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
Soʻrov yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishda yoshlarning asosiy vazifalarini anglashi muhim ahamiyat kasb etayotganligini koʻrsatdi. Majmuaviy va maqsadli ijtimoiy tadqiqotlar hamda ijtimoiy fikr soʻrovlari asosida yoshlar muammolarining kelgusi monitoringini oʻtkazish zarur.
Umuman olganda, oʻtkazilgan tadqiqot natijalari oʻzbekistonlik yosh avlod vakillarining yuqori ijtimoiy nekbinligi va Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuygʻusi, oʻz kelajagi va mamlakat kelajagiga ishonchini koʻrsatdi.