Davlat dasturi ijrosi boʻyicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili hademay yakuniga yetadi. Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini 2018 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Adliya vazirligi bu yoʻnalishda bajarilgan chora-tadbirlarning ayrimlarini tahlil qildi.
Davlat dasturida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik subyektlariga keng erkinlik berish, litsenziyalar, ruxsatnomalar berish tartiblarini qisqartirish va soddalashtirish orqali ularning faoliyatiga aralashuvlarni tubdan qisqartirish nazarda tutilgan.
Shu maqsadda “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 11 aprelida imzolagan mazkur farmon bilan 80 turdagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalarida bir necha turdagi litsenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish talab etiladiki, bu tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha sarsongarchilik va moliyaviy xarajatlarni koʻpaytiradi.
Byurokratik gʻovlarni olib tashlash, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tezkor koʻrib chiqilishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 25 turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari ichki rasmiylashtirish tartib-taomillarini maqbullashtirish evaziga qisqartirildi.
Toʻqqiz turdagi faoliyatni litsenziyalash tartibiga oid funksiyalar Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga oʻtkazish yoʻli bilan soddalashtirildi. Besh turdagi litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funksiyalari respublika davlat boshqaruvi organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻtkazildi.
Adliya vazirligi “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda davlat xizmati tizimini tashkil etish va faoliyat koʻrsatishining asosiy tamoyillari, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, moddiy va ijtimoiy taʼminoti, davlat xizmatiga ishga oʻtish, xizmatni oʻtash va xizmatdan boʻshash tartibi qamrab olingan. Eng muhimi, qonunda davlat xizmatchilarining samarali ishlashiga nafaqat sharoit yaratish, balki ularga qoʻyilayotgan talablar ham kuchaytirilgan.
Joylardagi Davlat xizmatlari markazlari – Xalq qabulxonalarining zamonaviy binolarini qurish va moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash boʻyicha ham Adliya vazirligi masʼuldir.
Shu kungacha 190 markaz binosini qurish uchun yer uchastkasi ajratildi. 79 markaz binosi boʻyicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurib bitkazish va rekonstruksiya qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Binolarining 85 tasi mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan, qolgan 3 tasi esa Adliya vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quriladi.
Ayni vaqtda 93 binoni qurish ishlari boshlab yuborilgan. Joriy yilning yakuniga qadar qariyb 50 Davlat xizmatlari markazi binosi qurilib, foydalanishga topshiriladi.

 

N.Abduraimova, OʻzA