Joriy yilning 1-18 noyabr kunlari poytaxtimizdagi 12 ta sport majmuida sportning 18 turi boʻyicha “Toshkent shahar spartakiadasi” boʻlib oʻtdi.
Musobaqalarda ikki ming nafardan ortiq yosh sportchi ishtirok etgani yurtimizda sportning naqadar ommalashib borayotganidan dalolatdir. Basketbol, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, taekvondo (WTF), qilichbozlik, yengil atletika, voleybol, kurash, stol tennisi, karate (WKF), gandbol, suzish, boks, shaxmat, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badminton, dzyudo turlari boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Unga koʻra, Mirobod tumani yosh sportchilari 215 ball jamgʻargan holda shahar spartakiadasida gʻoliblikni egalladi. Keyingi oʻrinlar Chilonzor (166 ball) hamda Olmazor (157 ball) tumani yosh sportchilariga nasib etdi.