Samarqandda joriy yil 22-23 noyabr kunlari Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusiga koʻra, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur xalqaro tadbirga shaharda qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda.

Forumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha viloyat shtabi va ishchi guruhlari tashkil etilib, tayyorgarlik ishlari kunlik monitoring qilib borilmoqda.

– Ayni paytda xorijiy va mahalliy mehmonlarni kutib olish uchun Samarqand xalqaro aeroporti va temiryoʻl vokzalida barcha sharoit yaratildi, – deydi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari, forumga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha shtab rahbari R.Qobilov. – Forum ishtirokchilariga transport ajratish, mehmonxonaga joylashtirish, gid-tarjimon xizmati koʻrsatish, shahar boʻylab sayohatga olib chiqish boʻyicha masʼullar va chora-tadbirlar belgilangan. Mehmonxonalarda mutasaddi idoralar masʼul xodimlaridan iborat guruhlar tashkil etilib, navbatchilik yoʻlga qoʻyildi. “Zilol-baxt” mehmonxonasida viloyat shtabi va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot markazi tashkil etilib, zarur jihoz va texnik uskunalar bilan taʼminlandi.

Shaharni xalqaro forum ramzi va uning mavzusiga mos koʻrgazmali vositalar bilan bezatish ishlari ham tegishli ishchi guruh tomonidan olib borilmoqda. Shahardagi mutasaddi korxona va tashkilotlar ham mazkur xalqaro tadbirni yuksak saviyada, Samarqandga xos mehmondoʻstlik bilan oʻtkazishga taraddud koʻrmoqda.

Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand azaldan turli millatlar, dinlar, madaniyatlar, tillar muloqoti uchun ochiq shahar, oʻzaro totuvlik, samarali hamkorlik va bagʻrikenglik namunasi boʻlib kelgan. 2015-yilda Samarqandga tashrif buyurgan AQSHning sobiq davlat kotibi Jon Kerri “Men togʻlar va dashtlar osha odamlar uchrashgan, turli mintaqalarning mahsulot va gʻoyalari toʻqnashgan joyni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti bundan 70 yil avval Nyu-Yorkda tashkil etilgan, deb hisoblaymiz. Yoʻq. Aslida, bu hodisa bundan 100 yillar avval Samarqandda yuz bergan”, deb taʼkidlagan edi.

Darhaqiqat, ilm-maʼrifat, sivilizatsiya markazi hisoblangan Samarqand azaldan xalqaro diplomatiya maskani ham boʻlgan. Ayniqsa, Afrosiyob tepaliklaridan topilgan devoriy suratlardagi elchilarni qabul qilish marosimi, Sohibqiron Amir Temurning nafaqat Osiyo, balki Yevropa mamlakatlari bilan ham doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻyib, faol tashqi siyosat olib borgani Samarqandning bir necha asrlar oldin dunyo siyosati markazi boʻlganini koʻrsatadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT shtab-kvartirasiga tashrifi chogʻida Samarqand shahrining ramzi hisoblangan Registon maydoni maketini tuhfa qilgan edi.

Ayni shu jihatdan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumining Samarqandda oʻtkazilishi ham tarixiy ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

 

Gʻ.Hasanov, OʻzA