Poytaxtimizdagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan Respublika olimpiya zaxiralari sport maktabida oʻsmir qizlar oʻrtasida qilichbozlik boʻyicha jahon kubogi musobaqasi oʻtkazildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi, bir qator tashkilotlar va Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan turnirda dunyoning 14 mamlakatidan kelgan 50 nafardan ziyod qizlar yakkalik va jamoaviy bahslarda reyting ochkolari uchun raqobatlashdi.
Markaziy Osiyoda ilk marotaba tashkil etilgan jahon kubogining yakkalik bellashuvlarida bolgariyalik Yoana Iliyeva oltin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, rossiyalik Valeriya Kobzeva va Alina Mixaylova kumush va bronza medaliga sazovor boʻldi.
Afsuski, yakkalik bahslari sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatsiz oʻtdi. Unda vakillarimiz oʻrtasida yaxshi natijaga Zaynab Dayibekova erishdi. U keskin va murosasiz oʻtgan bahslarda 9-oʻrindan joy oldi.
Jamoaviy bellashuvlarda Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Shahnoza Togʻaymurodova va Oysuluv Usnaddinovadan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi chorak finalda Moldova, yarim finalda Germaniya termasi ustidan zafar quchdi.
Final uchrashuvida qilichbozlarimiz Rossiya terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Mazkur bellashuvning oltinchi raundiga qadar hisobda oldinda borgan vakillarimiz yakunda 38:45 hisobida imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Musobaqaning bronza medaliga Germaniya terma jamoasi sazovor boʻldi.
Shu tariqa yakunlangan musobaqada Rossiya terma jamoasi 64, Oʻzbekiston qilichbozlari 52 reyting ochkolariga ega boʻldi. Uchinchi pogʻonadan joy olgan Germaniya termasi oʻz hisobiga 40 ochkoni yozib qoʻydi.
Qayd etish lozimki, mazkur natijadan soʻng qizlarimiz jahon reytingida 12-oʻringa koʻtarildi. Osiyo qitʼasida esa kuchli uchlikdan joy oldi.
Mazkur musobaqa doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari qilichbozlik federatsiyalari rahbarlarining kengashi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi ijroiya qoʻmitasi aʼzosi V.Logvin ham ishtirok etdi.
Kengashda soʻzga chiqqan V.Logvin mintaqada qilichbozlik sporti rivojlanayotganini hisobga olgan holda, shuningdek, milliy qilichbozlik federatsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasini tashkil etish masalasini koʻrib chiqishni taklif qildi.
Kengash qatnashchilari ushbu tashabbusni yakdillik bilan maʼqulladilar. Yigʻilishda soʻzga chiqqan Qozogʻiston qilichbozlik federatsiyasining vitse-prezidenti R.Kichikov Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi rahbar organini shakllantirish zarurligini taʼkidlab, Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti lavozimiga Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasining raisi Rustam Shoabdurahmonov nomzodini taklif qildi.
Kengash qatnashchilari bir ovozdan R.Shoabdurahmonov nomzodini qoʻllab-quvvatladilar va Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti etib sayladilar.
Konfederatsiya bosh kotibi lavozimiga Afgʻoniston qilichbozlik federatsiyasi prezidenti A.Tarik, tashkilot vitse-prezidentligiga esa Qozogʻiston qilichbozlik federatsiyasining vitse-prezidenti R.Kichikov saylandi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA