Rasul Sodiqov, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisining maslahatchisi: Qardoshlar qalbini sifatli mahsulotlar bilan zabt etamiz

Qozogʻiston Respublikasining Chimkent shahrida Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri mazkur tadbir ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi. 
photo5436256504912128751.jpg
– Forumdagi ishtirokimizdan koʻzlangan ezgu maqsad bitta: u ham boʻlsa, sifatli mahsulotlarimizni taqdim qilib, doʻstona hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Qozogʻistonga ham arzon, ham sifatli mahsulot yetkazib berib, eksport hajmini oshirish, – deydi R.Sodiqov. – Kelgusida xaridorlar safini kengaytirish uchun qoʻshni davlatlarda savdo uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalasi chuqur oʻrganilmoqda. Aytish joizki, har qanday istiqbolli loyiha ham zahmatli mehnatni talab etadi. Yurtimizda ham paxta xomashyosidan tayyorlangan mahsulotlarga ehtiyoj yuqori. Shularni inobatga olib, paxtani faqat tola holida emas, balki toʻliq qayta ishlashni yoʻlga qoʻyganmiz. Turli yoshdagilar uchun tayyor kiyim mahsulotlarini ishlab chiqarib, jahonning 70 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilayapmiz.
Ushbu forumda xorijiy davlatlarga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlarimizdan namunalar bilan qatnashmoqdamiz. Ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi jiddiy kelishuvlardan biriga erishamiz, albatta. Bugungi kunga qadar, Qozogʻistonda bizning 20 ga yaqin korxonamiz oʻz savdo uyiga ega. Ishlab chiqarish rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan har qanday tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

 

Gʻ.Shirinov, OʻzA maxsus muxbiri, Qozogʻiston, Chimkent