Maʼlumotlarga koʻra, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻiga joriy mavsumda qariyb 6 ming sayyoh tashrif buyurgan.
Mamlakatimiz umumiy yer maydonining 25 foizdan ortigʻini tashkil etuvchi oʻrmon yerlari yurtimizning boy, xilma-xil nabotot va hayvonot dunyosini asrash, shuningdek, atmosferamiz musaffoligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Boisi, mamlakatimiz oʻrmon fondining 300 dan ortiq oʻsimlik va 180 dan ortiq hayvon turlari “Qizil kitob“ga kiritilgan boʻlib, ularni asrab qolishda oʻrmonlarning oʻrni beqiyos. Shuningdek, 1 gektar oʻrmon yiliga havoni 60-70 tonnagacha chang va gʻubordan tozalashini inobatga olsak, uning atrof-muhit muhofazasi va inson salomatligini taʼminlashdagi oʻrni va ahamiyatining nechogʻlik katta ekanini koʻrish mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, oʻrmonlar ekologik muvozanatni bir meʼyorda saqlab, atrofni uzluksiz toza havo bilan taʼminlaydi. Shu bilan birga, qum barxanlari koʻchishi, suv va shamol eroziyasining oldini olib, daryo va boshqa suv oʻzanlari qirgʻoqlarini mustahkamlab turadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimiz oʻrmonchiligini yanada rivojlantirish, oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga eʼtibor kuchaytirildi. Pirovardida, sohada yangi yoʻnalish – ekologik turizm jadal taraqqiy eta boshladi. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Davlat qoʻriqxonalari, tabiat milliy bogʻlari va ovchilik xoʻjaliklari boshqarmasi tizimidagi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi misolida ham koʻrish mumkin.
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi Toshkent viloyatining Boʻstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari togʻli hududlarida joylashgan boʻlib, umumiy yer maydoni qariyb 575 ming gektarni tashkil etadi. Bogʻning oʻziga xos iqlimi, togʻlari, adirlik va oʻrmonzorlari, muzliklari, katta-kichik jilgʻa, soy va daryolari, koʻl va sharsharalari, bir soʻz bilan aytganda, goʻzal va betakror tabiati har qanday kishini oʻziga rom etadi. Bogʻ hududida qirqboʻgʻin, naʼmatak, rayhon, qizil doʻlana, kiyik oʻti kabi koʻplab dorivor giyohlar oʻsadi. Oʻsimliklarning 1 ming 800 ga yaqin, hayvon va parrandalarning 230 turi uchraydi. Shundan 70 dan ortiq oʻsimlik va 40 ga yaqin jonivorlar “Qizil kitob“ga kiritilgan.
Bogʻ hududida malakali mutaxassislar tomonidan oʻrmonlarni barpo etish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qoʻriqlash, koʻchatchilik, daraxt va buta urugʻlarini tayyorlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, dorivor oʻsimliklarni parvarishlash, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan bir qatorda, ekoturizmni rivojlantirish boʻyicha ham tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Maʼlumotlarga koʻra, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻiga joriy mavsumda qariyb 6 ming sayyoh tashrif buyurgan. Eʼtiborli jihati, bogʻ hududi boʻylab ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani kelgusida sayyohlar oqimining oshishini taʼminlashi shubhasiz.