Yangi tahrirdagi qonun loyihalari talabalar eʼtiborida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosati sohasining huquqiy asoslariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazdi.
Deputatlar, qonun loyihalari boʻyicha ishchi guruh aʼzolari, Tashqi ishlar vazirligi masʼul xodimlari, ekspertlar, talabalar ishtirok etgan tadbirda asosiy eʼtibor yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarining keng jamoatchilik muhokamasiga qaratildi.
Tadbirda deputatlar mazkur hujjatlarning qabul qilinishi mamlakatimizning milliy manfaatlarini himoya qilish, xalqaro shartnoma va kelishuvlarning samarali ijrosini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi qonunining yangi tahririda xalqaro shartnomalarning Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimidagi oʻrni va mohiyati belgilangani bilan ahamiyatlidir. Ungi koʻra, mamlakatning xalqaro bitimlari davlat huquqiy tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Hujjatda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarning bajarilishi boʻyicha monitoring olib borish mexanizmi kengaytirilgan. Bu qoida davlat organlarining xalkaro shartnomalar sohasidagi ishini muvofiqlashtirish boʻyicha mamlakat tashqi siyosiy idorasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan yoshlarga Konsullik ustavi loyihasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar xususida maʼlumot berildi.
– Mazkur hujjat xorij davlatlarida yurgan mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Avaz Jalilov. – Bundan tashqari, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasida mamlakatimiz fuqarolarining pasporti va boshqa hujjatlari yoʻqolgan yoki muddati oʻtgan taqdirda yurtimizga qaytishi uchun guvohnoma berish hamda yashashi uchun zaruriy yordam koʻrsatish masalalari ham koʻzda tutilgan.
Tadbirda talabalar tomonidan mavzularga doir taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA