Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasining Osiyo chempionati saralash bosqichidagi raqiblari maʼlum

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi kelasi yilning mart oyida Toshkentda Osiyo chempionati saralashida qatnashadi.
Ushbu saralashda gʻolib chiqqan jamoa 2020-yil Tailandda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi.
Tailanddagi Osiyo chempionatida 1-3 oʻrinni qoʻlga kiritgan terma jamoalar Tokio-2020 olimpiadasida qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bugun Osiyo chempionati saralashiga qurʼa tashlandi. Unga koʻra Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi “F“ guruhida Hindiston, Tojikiston va Pokiston terma jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi. Saralash bahslari kelasi yilning 22-26 mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.
ura-1-1024x570.png
Musobaqa reglamentiga koʻra saralash bahslari Sharq va Gʻarb mintaqasiga boʻlingan holda oʻtkaziladi. Har ikki mintaqadagi guruhda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan jami 11ta terma jamoalar Osiyo chempionatiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritishadi. Ularga oʻz guruhlarida eng yaxshi natija qayd etgan 4ta ikkinchi oʻrin sohiblari hamda mezbon sifatida Tailand ham qoʻshiladi.
Osiyo chempionatida eng kuchli 16ta terma jamoa ishtirok etadi.

 

O’zA