Avval xabar qilganimizdek, poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.
Unda soʻzga chiqqan BMTning Maxsus vakili Natalya German mamlakatimizda xotin-qizlarning har jabhada faol qatnashayotganini alohida qayd etdi.
– Bugungi anjumanda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning roli va ahamiyati masalalari xalqaro hamjamiyat vakillari ishtirokida muhokama etilayotgani alohida eʼtiborga loyiq. Chunki Oʻzbekistonda nafaqat ayollar masalasi, balki barcha jabhalarda ulkan oʻzgarishlarni kuzatmoqdamiz. Ayniqsa, Xotin-qizlar qoʻmitasining ayollarning boshqaruvidagi mavqeini oshirishda oʻz tajribasi va xalqaro tajribalar bilan oʻrtoqlashayotganida katta maʼno bor. Bu yurtingizdagi gender masalasi, ayollarning barcha sohalarda teng huquqqa egaligidan dalolat beradi. Shu jihatdan bu borada Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda oʻz oʻrniga ega. BMT mamlakatingizning ayollar tengligi boʻyicha faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi va bu borada hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori.
Eslatib oʻtamiz, xalqaro anjumanda 30ga yaqin davlatdan vakillar ishtirok etmoqda. Unda har bir davlatda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi faolligi boʻyicha tajribalar tahlil etilmoqda.
Saytimizni kuzatishda davom eting, tadbir tavsilotlari keng yoritiladi!
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA