Xabaringiz bor, 2-3 noyabr kunlari Moskva shahrida Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA)ning navbatdagi Kongressi boʻlib oʻtgandi. Kongress davomida hamyurtimiz Gʻofur Rahimov AIBA prezidentlik saylovida ishtirok etgan va yakunda gʻalaba qozonib, tashkilot rahbariga aylangandi. Rahimov bu borada qozogʻistonlik Serik Konakbayevni ortda qoldirdi.
Milliy olimpiya qoʻmitasidan xabar berishlaricha, bugun, 6 noyabr kuni hamyurtimiz AIBA prezidenti sifatida yurtimizga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevlar kutib oldi.
Eslatib oʻtamiz, Umid Ahmadjonov Moskvada boʻlib oʻtgan AIBA Kongressida ham bevosita ishtirok etgandi.
Maʼlumot uchun: Gʻofur Rahimov 2022 yilgacha AIBA prezidenti sifatida faoliyat olib boradi.
O’zA