Sportchilarimiz jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli yurishlarini boshlashdi.
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionati oʻtayotganligi haqida xabar bergan edik. Musobaqaning kecha boʻlib oʻtgan bahslarida oʻzbekistonlik ishtirokchilar bilan bogʻliq ikkita xushxabar yuz berdi.
Birida -61 kg vazn toifasida vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Adhamjon Ergashev dast koʻtarishda 136 kg., siltab koʻtarishda 157 kg., umumiy hisobda 293 kg. natija qayd etib, jahon chempionatida oltinchi oʻrinni band etgani bilan, 136 kg. natija orqali 19 yoshli hamyurtimiz yoshlar oʻrtasidagi rekordni yangiladi.
Kecha shuningdek, terma jamoamizga ilk medallar ham taqdim etildi. -67 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Doston Yoqubov dast koʻtarishda 139 kg., siltab koʻtarishda 180 kg. tosh koʻtardi va umumiy hisobda 319 kg. natija koʻrsatdi. Uning siltab koʻtarishdagi 180 kg. natijasi musobaqada ikkinchi koʻrsatkichni qayd etdi va hamyurtimiz kumush medalga sazovor boʻldi.
Musobaqaning bosh mukofotiga asosiy daʼvogarlardan hisoblangan Ruslan Nurutdinov (-109 kg.) va Rustam Jangabayev (+109 kg.) oʻz chiqishlarini 9 va 10 noyabr kunlari amalga oshirishadi.
Oybek Yunusov, O’zA