Mamlakatimizda zamonaviy milliy estrada sanʼatini yanada rivojlantirish, estrada ijrochilarining professional mahoratini oshirish hamda iqtidorli yosh xonandalarni kashf etish uchun barcha zarur sharoitlar va imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, toʻylar, yubileylar va boshqa tantanalarda konsert xizmatidan tashqari boshqa turdagi, yaʼni, toʻy-hashamlarda boshlovchilik qilish, suratga olish va video-tasvirga tushirish xizmatlarini ham koʻrsatish cheklanmagan. Bu boradagi tartib-qoidalar yuzasidan paydo boʻladigan bir necha savollarga Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi B.Fayziyev javob beradi.
Savol: – Gastrol-konsert, shu jumladan, suxandonlik faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish mumkinmi?
Javob: – Yoʻq mumkin emas. Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish hamda tantanali marosimlarini tashkil etish xizmatlari belgilangan boʻlib, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad soligʻi toʻlashdan ozod qilinib, har oyda faqat eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sugʻurta badallari toʻlanishi belgilangan.
Tantanali marosimlarni tashkil etish xizmatlarini amalga oshirilishi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa faoliyatini amalga oshiradigan hudud boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq hamda eng kam ish haqining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda sugʻurta badali toʻlaydilar.
Savol: – Toʻy va boshqa tantanali marosimlarni oʻtkazish boʻyicha tuzilgan sanʼatkorlar guruhining solistida litsenziya boʻla turib, boshqa guruh aʼzolariga alohida ushbu litsenziya boʻlishi yoki davlat xizmatlari markazidan roʻyxatdan oʻtib yakka tartibdagi tadbirkor boʻlishi shartmi?
Javob: – Shart emas. Yuridik shaxsni tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlik faoliyati boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkor (solist) oʻzining guruhiga yaqin qarindoshlarini (otasi, aka-ukalari) aʼzo qilgan holda faoliyat koʻrsatishlari mumkin. Ushbu holatda oilaviy tadbirkorning aʼzolari har oyda eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida sugʻurta badali toʻlaydilar. Yoki guruh rahbari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib, 3 nafargacha boʻlgan guruh aʼzolarini yollanma ishchi sifatida roʻyxatga kiritish orqali faoliyat koʻrsatilishi qonunda nazarda tutilgan. Ushbu holatda ham yollanma ishchi sifatida kiritilgan 3 nafargacha guruh aʼzolari har oyda eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida sugʻurta badallari toʻlaydilar.
Savol: – Litsenziya olmasdan ushbu faoliyat turi bilan qaysi tartibda shugʻullansa boʻladi?
Javob: – Tadbirkorlikning “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish” boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan taqdirda litsenziya talab qilinadi. “Tantanali marosimlarni tashkil etish xizmatlari”ni (toʻy, yubiley, tugʻilgan kun va hokazo) amalga oshirilishi boʻyicha davlat roʻyxatdan oʻtgan holda faoliyat koʻrsatilsa, faoliyatni amalga oshiradigan hudud boʻyicha qatʼiy belgilangan (daromad) soliq va sugʻurta badali toʻlanadi.
Savol: – Toʻy va boshqa tantanali marosimlarda aholiga suxandonlik, foto va video tasvirga tushirish xizmati bilan ham alohida YATT sifatida roʻyxatdan oʻtgan holda faoliyat koʻrsatish mumkinmi?
Javob: – Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatida “Video va fotosuratga olish xizmatlari” faoliyatini amalga oshirish belgilangan boʻlib, ushbu faoliyat bilan roʻyxatdan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatni amalga oshiradigan hudud boʻyicha qatʼiy belgilangan (daromad) soliq va sugʻurta badali toʻlaydi.
Xizmat koʻrsatuvchi shaxslarimiz amaldagi tartib boʻyicha “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan berilgan litsenziyaga ega boʻlib, har oy yakunida eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sugʻurta badali toʻlovini toʻlashlari kerak.
Litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirmoqchi boʻlgan shaxslar esa yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtib, respublika miqyosida faoliyatini amalga oshirmoqchi boʻlsa, har oyda eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, viloyatimizda mazkur faoliyatni amalga oshirmoqchi boʻlsa, eng kam ish haqining bir yarim baravari mi
qdorida, shuningdek, viloyatning maʼlum bir tumanida faoliyat koʻrsatmoqchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar eng kam ish haqining ikki yarim baravari miqdorida qatʼiy belgilangan soliq va eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sugʻurta badali toʻlovini toʻlashlari lozim.
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda baʼzi sanʼatkorlarimiz murojaat bilan chiqib, letsenziyadan tashqari eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sugʻurta badali toʻlovini toʻlashni bekor qilishni talab qilishmoqda.
Eslatib oʻtamiz, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida sugʻurta badali toʻlovi barcha fuqarolar, jumladan, murojaat etuvchilarning ham kelgusidagi pensiya taʼminotini kafolatlashga qaratilgan.
Shunday ekan, hurmatli sanʼatkorlar, suxandon va boshlovchilar, tasvirchilar, barchangizni amaldagi tartib va qoidalarga rioya qilib, joriy qilingan toʻlovlarni kechiktirmasdan toʻlashga chaqiramiz.
Unutmang, siz toʻlayotgan toʻlovlar soliq yigʻimlariga kirmaydi. Aksincha, ushbu mablagʻlar kelgusida oʻzingizga pensiya toʻlovlari sifatida qaytarib beriladi.