Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Maqsad, Oʻzbekiston tovarlari importiga cheklov qoʻyish boʻlsa, nima uchun Ukraina tovarlariga nisbatan Oʻzbekistonda ham buning aksini qilish mumkin emas?!
Mamlakat rivojlanishining asosiy omili iqtisodiy barqarorlik bilan bogʻliq boʻlsa, iqtisodiyotning oʻsishida xorij davlatlari bilan oʻzaro savdo va tovar ayirboshlash darajasining oʻsishi muhim oʻrin tutadi. Bunday aloqalar oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi, albatta. Iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarning qanday sohada boʻlishidan qatʼi nazar uning negizida doʻstlik va oʻzaro hurmat rishtalari yotadi. Agar xalqlar va davlatlar oʻrtasida oʻzaro tenglikka asoslangan doʻstona aloqalar boʻlmas ekan, birorta ham sohada hamkorlik boʻlmaydi.
Biz ukrainalik hamkasblarimiz va masʼullarning Oʻzbekiston avtomobillarining Ukraina bozoridagi erkin savdosini cheklash boʻyicha uyushtirilayotgan (agar shunday atash mumkin boʻlsa) tekshiruv va boshqa choralarni sunʼiylikka asoslanmagan boʻlishiga umid qilamiz. Nima boʻlganda ham bunday harakatlar xalqlar oʻrtasidagi uzoq yillik doʻstlikka, oʻzaro ishonch va hurmatga, davlatlar oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarning mustahkamligiga putur yetkazmasligi kerak.
Ukraina iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi Ukraina xalqaro savdo boʻyicha idoralararo komissiyasi tomonidan tekshiruvlarning shaffof va haqqoniy boʻlishini taʼminlashlari kerak. Gap Oʻzbekiston avtomobilsozlari faoliyati haqida ketar ekan, turli axborot bosimi va chalgʻituvchi maʼlumotlardan holi boʻlgan vaziyatda tekshirishlar Oʻzbekistonda olib borilishi kerak. Biroq bu kabi choralarni boshlashga nima va qanday sabablar asos boʻlayotganligi, odamni hayron qoldirmoqa.
Bizga maʼlum boʻlishicha, ukrainalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi oʻzbek avtomobillari Ukraina avtomobil sanoatiga zarar yetkazayotgani boʻyicha shikoyati asosida tekshiruvni oʻtkazishga qaror qilgan. Maqsad, Oʻzbekiston tovarlari importiga cheklov qoʻyish boʻlsa, nima uchun Ukraina tovarlariga nisbatan Oʻzbekistonda ham buning aksini qilish mumkin emas?!
Oʻzbekistonga oxirgi uch yilda Ukrainadan 642 million dollarlik mahsulotlar import qilingan boʻlsa, bizdan ularga 169 million dollarlik mahsulot eksport qilingan xolos. Undan tashqari, Ukraina tovarlaridan l42 milliard soʻmlik bojxona toʻlovlari undirilib, 510 milliard soʻmlik imtiyoz qoʻllangan. Ayni vaqtda Oʻzbekistonda ham Ukraina mahsulotlari importi oʻrnini bosuvchi, shu jumladan, konditer, yogʻ-moy, dori vositalari, shakar kabi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar yetarli darajada. Biroq shunday boʻlsa-da, import sifatida bizning bozorimizga kirib kelayotgan bunday mahsulotlarni cheklash boʻyicha qandaydir maxsus tekshiruvlar uyushtirilayotgani yoʻq-ku. Bunday qarama-qarshi cheklovlar ortidan kimga qanday zarar boʻlishi mumkinligini bilish uchun iqtisodchi boʻlish shart emas.
Milliy bozorni himoya qilish biz uchun ham muhim masala. Biroq biz, birinchi navbatda, iqtisodiy foydadan koʻra oʻzaro doʻstlik va hurmatga putur yetmasligini istaymiz. Shu bois, ukrainalik doʻstlarimiz, hamkasb deputatlarimiz uzoq yillardan buyon mavjud iliq munosabatlar, xalqlarimiz doʻstligiga putur yetkazmaydigan qadamlar qoʻyish haqida sogʻlom fikrli qaror qabul qilishlariga umid qilamiz. Va doʻstlarimizning bizga qilayotgan munosabat va choralariga qarshi chora koʻrishga doim tayyorligimizni, kerak boʻlsa hukumatimiz bu boʻyicha zarur choralarni koʻrib qoʻyishlari kerakligini bildirmoqchimiz.