“Lokomotiv” “Paxtakor”ni toʻqqiz ochkoga ortda qoldiradi, agar bugun “sherlar” “Navbahor”ga ochko yoʻqotsa…
Kecha mamlakat milliy chempionatining Pepsi Super ligasida 28-turning uchta oʻyini oʻtkazildi. Unda koʻpchilikning diqqati “Lokomotiv” va “Metallurg” uchrashuviga qaratilganligi bor gap. Sababi, chempionlik uchun kurashda “Lokomotiv” bir emas ikkita jamoaga “xalaqit” beryapti – “Paxtakor” va “Navbahor”.
Faqat bosh sovrin uchun mavsum boshidan “tish-tirnogʻi” bilan tirishayotgan “Paxtakor” birinchi bosqichda ancha bemalol harakat qildi, sababi turnir jadvalida yuqorida edi. Ikkinchi bosqichda vaziyat oʻzgargach, kuchli olti jamoa “oltin ochkolar” bilan kurashni davom ettirishi maʼlum boʻlgach “Paxtakor”chilar “uygʻonishdi”, biroq bunda biroz kech boʻlgandi. Ustiga-ustak, ikkinchi bosqichda ham ochkolar yoʻqotishga toʻgʻri keldi. Hali ham chempionlikdan voz kechmagan jamoa Oʻzbekiston Kubogiga umid qildi, ammo bundan ham “quruq” qoldi. AGMKga qarshi ochiq oʻyinda magʻlubiyatga uchradi. Endi bor umid ikkinchi oʻrindan, sababi “Lokomotiv” “issiq joyini” osongina berib qoʻymasligi ayon. Shuning uchun ham “temiryoʻlchilar” bekobodliklarga qarshi oʻyinda ham faqat gʻalaba uchun toʻp surishdi. 90 daqiqa davomida “Lokomotiv” ishqibozlari “igna ustida” oʻtirishdi, uchrashuvning asosiy vaqti tugab, qoʻshimchasi boshlanganidagina Anzur Ismoilov tomonidan kiritilgan gol mezbonlarga qadrli yana uch ochkoni taqdim etdi.
Quyi oltilikdagi ikkita oʻyin ham qiziqarli kechdi. “Qizilqum” oʻz maydonida “Soʻgʻdiyona”ni qabul qildi. Artur Gevorkyanning ikkita goliga mehmonlar ham ikkita gol bilan javob qaytarishdi. Natijada, durang qayd etildi va “Soʻgʻdiyona” bir kunga boʻlsada yana peshqadamlik mavqeiga qaytdi.
“Neftchi” va AGMK oʻyinida gʻalaba ayniqsa maydon egalariga muhimroq edi. Sababi, bu oltilikda jamoalar asosan autsayderga aylanmaslik uchun “jon olib, jon berishyapti”. Biroq qayd etilgan durang hech bir jamoaning turnir jadvalidagiegallab turgan oʻrniga taʼsir koʻrsatmadi, fargʻonaliklar quyidan birinchiligicha qoldi.
Bugungi oʻyinlar natijalari ham bugungi turnir jadvalida yuz berishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarga deyarli taʼsir koʻrsatmaydi. Biroq keyingi turlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, “Paxtakor” uchun. Turning markaziy oʻyini sifatida eʼtirof etilayotgan “Paxtakor” va “Navbahor” jamoalari oʻyinida maydon egalarining gʻalabasi “Lokomotiv” bilan farqni toʻqqiztadan oltitaga tushiradi, bosh sovrin uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoladi, lekin ikkinchi oʻrin uchun imkoniyat kafolatini oshiradi. Magʻlubiyat esa bosh sovrindan umidini uzishga xizmat qilsa, “Navbahor”ga yaxshigina zamin yaratadi. Lekin turnir jadvalidagi oʻrinlar bu turda ham saqlanib qolaveradi.
28-tur oʻyinlari. 31-oktabr.
“QIZILQUM” – “SOʻGʻDIYONA” – 2:2
Gollar: Artur Gevorkyan (24, 82) – Oybek Nurmatov (32), Sernas Darvidas (90+3).
“LOKOMOTIV” – “MЕTALLURG” – 1:0
Gol: Anzur Ismoilov (90).
“NЕFTCHI” – AGMK – 1:1
Gollar: Andrey Sidorov (14) – Jasur Hasanov (83).
Bugun boʻlib oʻtadigan oʻyinlar:
“NASAF” – “QOʻQON-1912”
“PAXTAKOR” – “NAVBAHOR”
“BUXORO” – “BUNYODKOR”.
Oybek Yunusov, O’zA