Markaziy Osiyo Oʻrta asrlarda islomiy ilmlar markazi sifatida tan olingani, shubhasiz. Bu maʼlum darajada salafiya (XII-XIII asrlar) taʼlimotini ilgari surgan arab ulamolarining ayrim hollarda radikal javobini keltirib chiqargan, bu mohiyatan halifalik ildizlariga qaytish uchun asos boʻldi hamda keyinchalik zamonaviy “Hizb ut-tahrir” va soxta salafiy guruhlar tomonidan vosita qilib olindi.
Oʻrta asrning mutaassib doiralari Markaziy Osiyodagi islom taʼlimotlarini qabul qilmagani va ularga doimiy ravishda qarshi chiqqanligining asosiy sabablaridan biri mintaqa maktablari faoliyati oʻta kuchli bagʻrikenglik va ezgulik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgani, bunda oʻz gʻoyalari bilan oʻsha davrning millionlab odamlarini birlashtirgan Bahouddin Naqshband, oʻijduvoniy, Xoʻja Ahror Valiy taʼlimotlariga asoslangan maʼnaviyat taʼminlanganidan iborat.
Jahonning eng tan olingan ulamolaridan biri Imom al-Buxoriyning butun islom olamida eʼtirof etilgan “Sahih” hadislar toʻplami nafaqat paygʻambarimiz (s.a.v.) toʻgʻrisidagi uydirma va yolgʻondan xolis rivoyatlar va hayotlik davrlaridagi taʼriflari, mulohazalarining haqqoniyligi, balki yana oʻsha gʻoyalar — bagʻrikenglik va ezgulikni oʻzida mujassam etgani bilan ham hadislarning bosh manbai boʻlgan va boʻlib kelmoqda.
Yaqin va Oʻrta Sharqning koʻp hollarda inkvizitsiyaga xos jazolovchi funksiyalarga ega harbiylashgan silsila va ordenlar hisoblangan sufiy oqimlari va maktablaridan farqli oʻlaroq, Markaziy Osiyodagi islomda tasavvuf, birinchi navbatda, ezgulik va bagʻrikenglikka asoslangan.
Markaziy Osiyo tasavvufi borasida soʻz yuritilganda, mutaxassislar va mutaxassis boʻlmaganlar mintaqadagi tasavvufni Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Soʻfi Olloyor, Mashrab nomlari bilan bogʻlaydi.
Islom dinida maʼrifat, umuman, fan, ezgulik va yuksak bagʻrikenglik xalqlar irsiyatiga singib borgan hamda yuksak maʼnaviyatning bosh jipslashtiruvchi kuchi sifatida Markaziy Osiyo davlatlari ravnaqining asosi boʻlib xizmat qilgan. Bu tamoyillardan chekinish, hech shubhasiz, bugungi Markaziy Osiyo jamiyatlarida beqarorlik va tanazzulni keltirib chiqarishi mumkin.
Bugun Oʻzbekiston jamiyat qurilishining dunyoviy prinsiplariga asoslangan, umuminsoniy va diniy qadriyatlarning sogʻlom muvozanatini qoʻllab-quvvatlayotgan har tomonlama dunyoviy davlatdir. Taassufki, zamonamiz turli tahdidlar bilan toʻqnashmoqda. Ular orasida tashqaridan oʻtkazilayotgan agressiv aqidaparastlik ham bor.
Davlat va jamiyat islom shiori ostidagi ekstremizm va terrorizmga qarshi turmoqda. Bu tahdidlar ekstremizm va terrorizm chegara bilmasligi sababli mamlakatimiz tomonidan barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotga real xatarlar sifatida koʻrilayotir. Hozirgi davrda dunyoda ushbu tahdidlardan oʻzini toʻliq himoyalagan davlatning oʻzi yoʻq. Bu tahdidlarning kelib chiqishi va rivojlanishi sabab-oqibatlariga eʼtibor qaratmay, oʻrganmay, tegishli chora-tadbirlarni qoʻllamay turib, ularga qarshi turishning imkoni yoʻq. Zero, globallashuv va shiddatli oʻzgaruvchanlik, bir mamlakat oʻz manfaatlarini boshqa mamlakat manfaatlarini hisobga olmasdan, ilgari surishi bilan bogʻliq jarayonlarning noaniqligi zamonaviy dunyoning koʻrinishlaridan biri boʻlib qoldi.
Ekstremizm va terrorizm alohida mamlakat va mintaqalarni beqarorlashtirish maqsadida qoʻllanadigan vositaga aylanyapti.
Shu bilan birga, bular nega aynan islom bayrogʻi va shiorlari ostida qilinyapti, degan savolga mutaxassislar, dinning birlashtiruvchi funksiyasini inobatga olgan holda, radikallarning dinga murojaat etishini oʻzini islom qadriyatlari asosida birlashgan xalq nomidan harakat qilayotgandek koʻrsatishga urinish sifatida izohlaydilar.
Amalda, mutaxassislar taʼkidlashicha, radikalizm XX asrning 70-yillarida Lotin Amerikasida oʻsha vaqtda gʻoya sifatida eng jozibador hisoblangan kommunizm shiorlari ostida oʻzini faol namoyon etgan. Shu bilan bir qatorda, oʻsha paytda xalqaro kommunizm harakati Lotin Amerikasida beqarorlashuvga erishish maqsadida turli radikal tuzilmalarni qizgʻanmasdan moliyalashtirgani hisobga olinsa, buyurtmachilar va mablagʻ mavjud boʻlganda kommunizm bayrogʻi ostida harakat qilishdek yagona talabga rioya etgan ijrochilar ham topilganini taxmin qilish mumkin.
Bugun, Markaziy Osiyo sharoitida obyektiv voqelikni hisobga olib, radikallarning kommunizm bayrogʻi ostida harakat qilishi hamda sof islom qadriyatlari chuqur ildiz otgan mintaqaga kirib kelishi gʻalati boʻlar edi.
Radikallar mintaqada oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli olib borishlari, tayanch nuqtalarini topishi uchun musulmonlar muhitida maʼlum bir maʼnaviy boʻshliq va izdan chiqish boʻlishi kerak. Mutaxassislar mintaqada chetdan turib sof islomning ezguligi va bagʻrikengligi oʻrniga, ayniqsa, iqtisodiy, maʼnaviy jihatdan zaif va bilimsiz, taʼlim darajasi yetarli boʻlmagan, maʼnan kamol topmagan ayrim yoshlar oʻrtasida yolgʻon qadriyatlarni singdirishga urinishlar qilinayotganini taʼkidlamoqda.
Mamlakatda, ayniqsa, ayrim yoshlarning islom diniga doir yetarlicha bilimlarga ega boʻlmasdan turib oʻzini eʼtiqod qiluvchidek koʻz-koʻz qilishga intilishi, soxta dindorligi diqqatni tortadi. Ayni paytda ularning fikr-mulohazasida islom qadriyatlarini yuzaki tushunish oqibatida shoshmashosharlik bilan oʻrganib olingan iboralarga asoslangan qatʼiylik koʻzga tashlanadi. Ushbu xulq-atvor bunday odamlar saʼy-harakatlarining sababi chuqur, astoydil imon bilan emas, balki soxta dindorligini atrofdagilarga koʻz-koʻz qilishga urinish bilan cheklangan. Islomda biror-bir narsani koʻz-koʻz qilish “riyo” tushunchasi bilan taʼriflanadi.
Islom nuqtai nazaridan nomaqbul boʻlgan ushbu holat hamda islomni buzib tushunish toʻgʻrisida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yozgan edi. U islomda diniy marosimlarni koʻz-koʻz qilib ado etish, u yoki bu kiyimni kiyish qalbda, yurakdagi asl imonning oʻrnini bosa olmaydi, deb bir necha bor aytgan. “Odamlar koʻrsin” qabilidagi dindorlik islomda qoralanadi.
Axloq esa chuqur iymon, tarbiya bilan chambarchas bogʻliq. Xoʻjakoʻrsinga emas, chuqur va tashqi atributlardan mustaqil qadriyatlar koʻrinishidagi dindorlik islomning oʻzini-oʻzi nazorat qilish — nafs va boshqa talablari bilan bogʻliq dunyoviy jamiyatdagi axloq kodeksiga uzviy mos tushgan farzlariga asoslanadi. Demak, axloq kodeksi bagʻrikeng jamiyatda insofli inson sifatida eʼtirof etilishini istagan har kim uchun umumiydir.
Bunday jamiyatda eʼtiqod qiluvchilar orasida shak-shubhasiz obroʻga ega din arboblarining bir guruhi boʻlishi lozim, ular eʼtiqod qiluvchilarning u yoki bu masalaga munosabatini, shu jumladan, asl imonli inson uchun “riyoning nomaqbulligi toʻgʻrisida ongli tushunchani shakllantirishi, imon xoʻjakoʻrsinga emas, qalbda, yurakda ekanligi, shu bilan birga, insonning xulq-atvorida ham namoyon boʻlishi lozimligi, qolaversa, yuzakilik imon sustligidan dalolat ekanini yetkazishlari kerak. Dinshunos mutaxassislar katta afsus bilan zamonaviy jamiyatda din vakillari muhitida bir jihat — konformizm, yaʼni murosachilikka moyillik kuzatilayotganini taʼkidlamoqda. Ayni paytda murosachilik ularda “riyo” masalasi borasida oʻz munosabati yoʻqligidan dalolat beradi, oqim bilan birga harakat qilish, “sizga ham, bizga ham” qabilida betaraflik kuzatiladi.
Ehtimol, chuqur eʼtiqod bilan shakllangan munosabatning mavjud emasligi qayta koʻrib chiqilishi lozimdir. “Riyo” eʼtiqod qiluvchining xulqiga, mohiyatan dunyoviy boʻlgan jamiyat mantiqiga ham mos kelmaydi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning islom tamaddunidagi oʻrnini u yoki bu darajada tan olgan qator xorijiy mutaxassislar shu sof islom tamadduni makoni tashqarisidan turib bizga yot qarashlarning singdirilishiga yoʻl qoʻymaslik lozim, deb hisoblaydi.
Shundan kelib chiqqan holda, bir narsani tushunib olish lozimki, biz va faqat biz oʻz qoidalarimizni oʻzimiz oʻrnatamiz va tartibni belgilaymiz. Chetdan dunyoviylik yoki diniylik niqobida oʻtkazilayotgan maʼnaviyatsizlikka taqlid qilmaymiz!
Shu tarzda yuksak maʼnaviyat maʼrifatli, bagʻrikeng islom bilan uygʻunlikda hamda dunyoviy jamiyatdagi chuqur eʼtiqoddan kelib chiquvchi ahloq bugun Oʻzbekistonda dunyoviylik va diniylikning sogʻlom muvozanatida bagʻrikenglik va ezgulik anʼanalari mavjud boʻlgan va bundan buyon ham saqlab qolinadigan mamlakat barqarorligi, izchil taraqqiyoti va ravnaqiga erishishning strategik sharti sifatida qabul qilinishi lozim. Bu — bizning pozitsiyamiz.
Farrux BOʻTAYEV. O’zA