Oʻzbekistonda ilk marotaba Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada oʻtkaziladi

Shu yilning 28-30 oktyabr kunlari Urganch shahrida ilk marotaba talabalar oʻrtasida matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada oʻtkaziladi.

Aytish kerakki, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning sentyabrida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida ilgari surilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yilning 26-avgustdagi qarori bilan oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida har ikki yilda bir marta matematika boʻyicha Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etish belgilandi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadani tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad buyuk allomaning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda targʻib etish, qolaversa, iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash, ularni fundamental va aniq fanlar bilan shugʻullanishga keng jalb etish hamda ilm-fan yoʻlida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Oʻzbekistonlik talabalar shu kunga qadar xalqaro matematika olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishgan, biroq mamlakatimiz talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan oʻzining nufuzli xalqaro olimpiadasiga ega boʻlmagan. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tarixning yangi sahifasi boʻlib, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.

Nufuzli xalqaro olimpiadada dunyoning 20 davlatidan 58 universitet jamoalari ishtirok etadi. Olimpiadada 334 nafar talaba oʻzaro bellashadi, ularga 100 nafar jamoa rahbarlari hamrohlik qiladi.

Hakamlar hayʼati matematika fanidan dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, MDH davlatlarining professor-oʻqituvchilari va yurtimizning tajribali professor-olimlari, mahoratli amaliyotchi oʻqituvchilaridan tashkil topadi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada gʻolibliklikni qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi.

 

OʻzA