Yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilindi

“Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada takomillashtirish va muvofiqlashtirish yuzasidan bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, vazirlik tomonidan joriy yilning avgust-sentyabr oylarida “UNICON-SOFT” MCHJ bilan hamkorlikda Ijro intizomini nazorat qilish yagona tizimi, yaʼni “mf.ijro.uz” elektron dasturiy taʼminotini shakllantirildi.

2018-yilning 2-30 oktyabr kunlari “mf.ijro.uz” dasturiy taʼminotiga ulanishi va vazirlik markaziy apparatini “test” jarayonida ishlashi hamda joriy yilning 1-noyabrdan boshlab barcha hujjatlar aylanmasini butunlay “mf.ijro.uz” tizimiga oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, vazirlikning hududiy moliya organlari va gʻaznachilik boʻlinmalari hamda tizimdagi tashkilotlarda “mf.ijro.uz” tizimiga oʻtish jarayoni 2019-yilning yanvar oyidan rejalashtirilgan.

Moliya vazirligining 166-buyrugʻiga asosan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan “mf.ijro.uz” dasturiy taʼminotini yanada takomillashtirib borish yuzasidan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqib, shu asosida “UNICON-SOFT” MCHJ mutaxassislari dasturni tobora takomillashtirib bormoqda.

Devonxonaning barcha hujjatlar aylanmasi “mf.ijro.uz” elektron dasturiy taʼminot tizimiga oʻtilishining quyidagi bir qator afzallik va qulayliklari mavjud.

Jumladan:

– vazirlikka kirim qilinayotgan barcha hujjatlar juda qisqa fursatda tegishli mutasaddi rahbar va ijrochilarga yetkaziladi;

– mazkur dasturda ijro etilgan hujjatlar haqidagi maʼlumotlar bir vaqtning oʻzida “mf.ijro.uz” – Idoralararo yagona hujjatlar dasturi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuratura bilan integratsiya qilinadi;

– har bir xodim tomonidan ijro etilgan hujjatlarni oʻziga tegishli boʻlgan E-Kalit qurilmasi yordami bilangina ijro nazorati roʻyxatidan chiqaradi va xodimning ish kunida nechta hujjat tayyorlagani hamda ularning bajarilish muddatini monitoring qilish imkonini beradi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida roʻyxatga olish tartibi, ular boʻyicha hisob kartotekalarining qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi, eng muhimi, kirim qilinayotgan barcha hujjatlarning nusʼhalarini koʻpaytirish jarayonlari bekor qilindi va ortiqcha sarf-xarajat qilinayotgan katta hajmdagi qogʻoz tejalib iqtisod qilinadi.

Bugungi kunda “mf.ijro.uz” dasturi vazirlik va idoralar ichida eng birinchi boʻlib Moliya vazirligida joriy etilganligi “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili“da amalga oshirilgan muhim amaliy ishlardan biri boʻlganligini alohida taʼkidlash joiz.

 

OʻzA