FUTBOL: Bundesliga bilan hamkorlik qilamiz, translyatsiyalarimizni yaxshilaymiz, Adidas brendidan foydalanamiz...

Ispaniyaning Madrid shahrida 24-25 sentabr kunlari Butunjahon futbol sammiti boʻlib oʻtdi. Ushbu sammitda Oʻzbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori Omon Gʻofurov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati.
Sammit doirasida delegatsiyamiz vakillari Yevropa futbol jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi va bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Jumladan, Yevropaning TOP-5 chempionatlari qatoriga kiruvchi Germaniya Bundesligasining xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Bernd Vilms bilan muzokara oʻtkazildi. Muzokara doirasida Oʻzbekiston Professional futbol ligasi hamda Bundesliga oʻrtasida bir qancha yoʻnalishlar (muxlislar bilan ishlash, futbol akademiyalari, oʻrtoqlik oʻyinlari) boʻyicha hamkorlik qilish uchun memorandum imzolashga kelishib olindi. Ushbu masala boʻyicha Bundesliga vakillari yaqin kunlar ichida Toshkent shahriga kelish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “Real Madrid” klubiga toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatadigan AdidasGeneration kompaniyasi vitse-prezidenti Karlos Pulido bilan muzokaralar oʻtkazildi. Mazkur kompaniya Adidas brendi ostida ishtirok etadigan mashhur klublar bilan oʻrtoqlik oʻyinlarini va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlar tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshiradi.
Dunyoning eng mashhur kompaniyalaridan biri hisoblangan “Amazon” kompaniyasi futbol sanoatida ham faoliyat yuritayotgani hech kimga sir emas. Kompaniya vakili Alessandro Tataranni bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonda futbol marketingini takomillashtirish va oʻzbek futboli brendini rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Futbolning jozibadorligini oshirishda translyatsiya sifati juda katta ahamiyatga ega. Yevropada bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilib, translyatsiya borasida katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Bir qancha futbol ligalariga ushbu yoʻnalishda xizmat koʻrsatib kelayotgan TELLYO kompaniyasi vakili Jakob Maykovski oʻz kompaniyasi Oʻzbekistonda ham futbol uchrashuvlari translyatsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilishini, bu borada kompaniyaning maxsus dasturini Oʻzbekistonda sinab koʻrish taklifini olgʻa surdi. Yaqin kelajakda ushbu komaniya bilan hamkorlikda yurtimizda futbol translyatsiyasining sifatini yaxshilash va yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan bir qatorda Oʻzbekiston delegatsiyasi 26-27 sentabr kunlari LaLiga tashkiloti va “Real Madrid” akademiyasi bilan yana bir qancha hamkorlikdagi kelishuvlar boʻyicha muzokaralar oʻtkazadi.

 

O’zA