Toshkentda Osiyo futbol konfederatsiyasi Ijroqoʻmining navbatdagi yigʻilishi boshlandi

Oldin xabar berilganidek, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa Jahon chempionati-2018 vaqtidagi uchrashuvlari chogʻida OFK Ijroqoʻmining navbatdagi yigʻilishini Toshkentda oʻtkazish uchun kelishib olishgan edi.

Bugun soat 15:00da poytaxtimizdagi “International” mehmonxonasida OFK Ijroqoʻmining yigʻilishi boshlandi. Uni OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa ochib berdi. Soʻngra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov soʻzga chiqib, Ijroqoʻm yigʻilishi qatnashchilarini yurtimizda koʻrib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

Umid Ahmadjonov Ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi tarixda ilk marta Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgani haqiqatan ham oʻzbek futboli uchun tarixiy voqelik ekanini taʼkidlab, buning uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi Prezidenti janob Shayx Salmon bin Ibrohim al Halifaga alohida minnatdorlik izhor qildi va yigʻilishda qabul qilingan qarorlar Osiyo futboli rivojiga katta taʼsir koʻrsatishiga ishonishini bildirdi.

Shundan soʻng OFK Ijroqoʻmining navbatdagi yigʻilishi oʻz ishini boshladi.

photo5285360053102160621.jpg

 

OʻzA