Latviya elchisi: O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik muhim markaz sifatida ko‘ramiz

51

27 noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi. Davlatimiz rahbari o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.

Marosimdan so‘ng Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Girts YAUNZEMS o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekiston bilan barqaror tarixiy aloqalarimiz mavjud. Men uchun eng muhim vazifa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi, yuqori bosqichga olib chiqishdir. Latviya allaqachon Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lida O‘zbekiston uchun strategik shimoliy darvoza vazifasini bajarmoqda. Bu temir yo‘l aloqalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari va avtomobil transportidir. Ushbu infratuzilma imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanib, hamkorligimizni kengaytirish va yangi bosqichga ko‘tarish mumkin.

O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik muhim markaz sifatida ko‘ramiz. Shu bois, ikki tomonlama manfaatli hamkorlik va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron tijorat, shuningdek, yashil texnologiyalar va an’anaviy mahsulotlar sohasida katta istiqbollar borligini ko‘ryapman.

Davlat xizmatlarini samarali tashkil etish, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish, sertifikatlash va standartlashtirish sohasidagi tajribamizni O‘zbekiston bilan faol o‘rtoqlashmoqdamiz. Bu esa mamlakatingizning Yevropa Ittifoqiga eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, universitetlar o‘rtasida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangi ta’lim dasturlarini joriy etishda ham yaqin hamkorlik qilyapmiz. Bu yo‘nalishda izchil mehnat va davomiylik asosiy omil hisoblanadi.

Vazirlar darajasidagi tashriflar almashinuvi yanada ko‘proq bo‘lishiga umid qilaman. Bu tashriflar ham biznes, ham madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bois, tashriflar dasturi va almashinuviga alohida e’tibor qaratyapman.

O‘zA muxbiri

Ikrom AVVALBOEV

 yozib oldi.