Biz OʻzA sayti orqali bir guruh kinoijodkorlarning AQSHning Los Anjeles shahri, Hollivud kino shaharchasida joylashgan “Universal Studios” kinokompaniyasi bilan tajriba almashish yuzasidan maʼlumot bergan edik.
“Oʻzbekkino” milliy agentligining xalqaro aloqalarni rivojlantirish xizmatidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ayni vaqtda mazkur loyiha asosida yurtimiz kinoijodkorlari Hollivud kino shaharchasida joylashgan “Universal Studios” kinokompaniyasi bilan oʻzaro tajriba tajriba almashish jarayonini boshlab yubordi.
Ushbu xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mutaxassislardan sohaga oid yangiliklar, texnologiyalar, texnik jihatdan qulayliklar xususida fikr almashilmoqda.
Uzoq yillar AQSH va Oʻzbekiston kinosanoatida bevosita hamkorlik boʻlmagan. Ammo bu mamlakat kinemotografiyasidagi yutuqlardan ijodkorlarimiz koʻp narsani oʻrganib kelgan. Mazkur loyiha kelgusidagi mustahkam aloqalarning debochasi boʻlishi shubhasiz.
Oʻquv tajriba kursi davomida maxsus oʻquv filmini suratga olish ham rejalashtirilgan. Ushbu film xorijiy safardan qaytib kelingandan soʻng, montaj jarayonidan oʻtib, kino sanʼatiga qiziqayotgan yurtimiz yosh ijodkorlariga namoyish etiladi.
Bu hamkorlik kinoijodkorlarimiz salohiyatini oshirish, bilimini boyitishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Tajriba almashish tadbirlari Vashington va Nyu York shaharlarida ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Barno Meliqulova, OʻzA