Qoraqalpoq filologiyasi – xalqimizning ma’naviy boyligini o‘rganuvchi muhim soha

90

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yil 27 dekabrdagi qarori bilan Qoraqalpoq tili va adabiyoti mutaxassisligining 90 yilligiga bag’ishlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 2025 yil 28 noyabr kuni “Hozirgi qoraqalpoq filologiyasining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferentsiya o‘tkazilishi belgilangan. Biz universitetning Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Qonaqboy Turdiboev bilan suhbatlashib, konferentsiya oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, o‘tkazish tartibi va dasturi haqida fikrlari bilan bo‘lishgan edik.

-Qoraqalpoq tilining til bo‘lib shakllanishi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. “Shuncha og’ir surgunlarda yo‘qolmay, bu kunlarga etganingga qoyilman,” deb ulug’ shoir I.Yusupov aytganidek, ona tilimizning shuncha dovonlardan oshib, bu kunlarga etib kelishi ham o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. Uni sof, toza holda saqlash va kelajak avlodga meros qilib qoldirish har birimizning burchimizdir. Bu til orqali adabiyot rivojlandi, tarix yozildi, qanchadan-qancha ilmiy ishlar qilindi, eng asosiysi bizni yorqin kelajakka etaklaydigan ona tilimizda yangragan Ona allasi qalblarimiz to‘rida umrlik oziq bo‘lib muhrlanib qolmoqda.

Bu yil Qoraqalpoq tili va adabiyoti mutaxassisligi tashkil etilganiga 90 yil to‘ladi. Tarix uchun bu yillar qisqa vaqtdek bo‘lishi mumkin, lekin shu yillar ichida fakultet tomonidan qilingan ishlar, ilmiy kashfiyotlar, qoraqalpoq filologiyasining rivojlanishiga asos bo‘lgan fundamental ishlar yaratildi. Bunda shu ulug’ markazda ishlagan har bir professor- o‘qituvchining mehnati salmoqli. Qoraqalpoq tili va adabiyoti fan bo‘lib shakllangandan beri 280 dan ortiq ilmiy dissertatsiyalar himoya qilingan bo‘lsa, shundan 60 ga yaqin fan doktorlari, 220 dan ortiq fan nomzodlari va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari etishib chiqdi.

Qoraqalpoq filologiyasi – xalqning ma’naviy boyligini, tili va adabiyotining asrlar davomida shakllanib, rivojlangan boy merosini ilmiy asosda o‘rganadigan muhim yo‘nalish. Har bir xalqning madaniy rivojlanishida o‘zining milliy filologiyasi alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda, fakultet nafaqat tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlaydigan dargoh, balki qoraqalpoq xalqining tafakkuri, ma’naviy dunyosi va adabiy merosini o‘rganish markazi hisoblanadi.

Qoraqalpoq tilshunosligi mutaxassislari va adabiyotshunoslarining ham dastlabki manbai qoraqalpoq filologiyasi fakultetidan boshlanganligini tarix tasdiqlaydi. Turli davrlarda fakultetning nomi o‘zgarib turgan bo‘lsa-da, qoraqalpoq adabiyotshunoslari va tilshunos mutaxassislarini malakali kadr sifatida etishtirib chiqarishdek ulug’ maqsad yo‘lida fakultet jamoasi doimo hamjihatlik bilan kelajakka qadam tashlab bordi.

Qoraqalpoq filologiyasining turli yo‘nalishlarining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur olimlar N.Davqaraev, M.Nurmuhamedov, S.Axmetov, N.Baskakov, D.Nosirov, X.Hamidov va b. asos solgan qoraqalpoq filologlari maktabi yillar o‘tgan sari safini to‘ldirib, rivojlanib bordi. Fakultet eshigi ilmga chanqoq, ilg’or fikrli, mustaqil fikrlovchi yoshlar uchun doimo ochiq bo‘ldi. Davrining ko‘zga ko‘ringan yozuvchi va shoirlari shu eshikdan dastlabki qadamini tashlab, o‘z ijodining cho‘qqisiga etishdi. Masalan, xalqimizning suyukli farzandi- O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov biz ta’lim olayotgan auditoriyalarda o‘qigan, o‘z ijodining ilk yo‘llarini shu erda boshlagan. Bu haqida fakultetimizga kelib, adabiy kechalarda talabalar bilan uchrashuvlarida so‘zlagan edi. Shuningdek, adabiyot bo‘yicha yoshlarga o‘z maslahatlarini berganliklari qanday betakror xotiralar…

O‘tgan yillar xronologiyasiga nazar solsak, fakultet tarkibida o‘zbek, qozoq, turkman filologiyasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlaydigan kafedralarning ham faoliyat olib borganligining guvohi bo‘lamiz. Bu “keys” fakultet tarixida madaniyati, tili, adabiyoti, urf-odatlari o‘zaro yaqin bo‘lgan turkiy xalqlarning do‘stlik, qardoshlik munosabatlari hali ham mustahkam bo‘lganligidan dalolat beradi. Demak, fakultet nafaqat bilim, ilm-fan o‘chog’i, balki millatlararo do‘stlik gulshaniga aylanganligidan faxrlansak arziydi.

Qoraqalpoq filologiyasining 90 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar bilan xalqaro konferentsiyaning qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirlariga ulanib ketishida ham katta ma’no bor deb hisoblayman. Qoraqalpoq tili va adabiyoti ixtisosligi tarixi – bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan voqea emas. U xalqimizning asrlar davomida so‘zga, ilmga va haqiqatga bo‘lgan muhabbatidan, ma’rifat yo‘lidagi cheksiz intilishidan yaralgan. Fakultetda o‘tgan oltin davr talabalik yillarining quvonchlari va mashaqqatli dovonlari hech qachon unutilmaydi. Bu erda ta’lim-ma’rifat bilan birga har bir yosh do‘st orttirish san’atini ham egallaydi.

Joriy yilning 28 noyabr kuni universitetda universitetda “Hozirgi qoraqalpoq filologiyasining dolzarb masalalari (qoraqalpoq tili va adabiyoti mutaxassisligining 90 yilligiga bagishlanadi) ” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferentsiya o‘tkazilishi belgilangan. Unda Turkiya, Ozarbayjon, qo‘shni Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston va boshqa davlatlardan olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Mahalliy olimlar xorijdan kelgani mehmonlar bilan birgalikda bugungi kunning dolzarb masalalarini o‘rtaga tashlab, ilmiy muammolarga echimlar topadi. Ilmiy musobaqa va g’oyalar substantsiyasiga aylanadigan xalqaro tadbir doirasida ijod bulog’i ko‘zlarini ochishga xizmat qiladigan tanlovlar, ajoyib ko‘rgazmalar va musiqiy dasturlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, konferentsiya davomida “Ilhom va so‘z qudrati” tanlovining “Eng yaxshi she’riy asar,” “Eng yaxshi esse,” “Eng yaxshi maqola,” “Eng yaxshi videorolik,” “Eng yaxshi tasviriy ifoda” kabi nominatsiyalari bo‘yicha  aniqlangan g’oliblar munosib taqdirlanadi. Shuningdek, anjuman arafasida “Bilim” nashriyotidan “Qoraqalpoq tili va adabiyoti mutaxassisligiga 90 yil” nomli kitob chop etildi. Ushbu kitob nafaqat bir fakultetning tarixi haqida, balki butun bir xalqning ma’naviy rivojlanish yo‘li haqidagi xronologik va ma’naviy xotirani o‘zida mujassam etgan. Unda fakultetning qanday tuzilgani, shakllanish bosqichlari va rivojlanishi arxiv materiallari, tarixiy manbalar va boshqa qo‘lyozma ma’lumotlar asosida so‘z yuritiladi.

Ushbu fursatdan foydalanib, ilm-fan ziyolilari, talaba-yoshlar va ishtirok etish niyatida bo‘lgan barchani amaliyot va nazariyaning uyg’unligida o‘tkaziladigan konferentsiyada faollik ko‘rsatishga chaqirib qolamiz.

                                                                  Suxbatdosh G.Turdishova,

Qoraqalpog’iston axborot agentligi