Taxtako‘pirda xalqaro etno-madaniy festival o‘tkazildi

89

Taxtako‘pir tumanining Beltov ovul fuqarolar yig’inidagi  “Tax-tobe” etno qishlog’ida xalqaro etno-madaniy festivalning ochilish marosimi o‘tkazildi.

 Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesining Raisi Amanbay Orinbaev so‘zga chiqib, barcha yig’ilganlarni festivalning ochilishi bilan tabrikladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Qozog’iston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov ishtirok etdi.Ta’kidlanganidek, yurtimizda asrlar davomida turli millat vakillari o‘zaro hamjihatlik bilan yagona xalq bo‘lib, yurtimizning har tomonlama gullab-yashnashiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Qoraqalpog’istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chiqargan maxsus farmon va qarorlari asosida, respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Beltov ovul fuqarolar yig’inida ham keng ko‘lamda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, bugun bu aholi tom ma’noda yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu fuqarolar yig’ini hududida joylashgan Bo‘rchitovning baland cho‘qqisiga qurilgan, xalqimiz o‘tmishidan darak beruvchi, milliyligimizni o‘zida mujassam etgan “Tax-tobe” etno-qishlog’i hududga yanada o‘zgacha ko‘rk va chiroy bag’ishlamoqda.

Jumladan, mamlakatimizning ko‘plab hududlari va xorijiy davlatlardan ishtirok etgan ushbu etno-madaniy festivalning ham aynan shu joyda o‘tkazilganida chuqur ma’no bor. Sababi, bu erda tashkil etilgan 70 ta Qora uy yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining o‘zligini namoyon etib turgan bo‘lsa, qo‘shni qishloq manzarasini o‘zida mujassam etgan 16 ta Paxsa uylar orqali ajdodlarimizning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

O‘tkazilgan festival doirasida tashkil etilgan turli tadbirlar, qardosh xalqlarning milliy urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan tarzda sahnalashtirilgan sahna ko‘rinishlari, milliy raqs va qo‘shiqlar ijro etilishi, xalqimizning milliy an’analari namoyish etildi.

 Qoraqalpog’iston axborot agentligi