Qushning ham ini buzilmasin
Xalqimiz ongi azaldan bunyodkorlik g‘oyalari bilan to‘yingan. O‘zgalarga ziyon yetkazishdan tiyilish ham millatimiz ma’rifatiga xos xislat. Shuning uchun, “Qushning ham ini buzilmasin”, deydi donolarimiz. Biroq, keyingi paytlarda oila atalmish muqaddas rishtaning qiymatiga biroz putur yetgandek tasavvur uyg‘otmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, joriy yilda 50 mingta nikoh qayd qilingan bo‘lsa, shuning 30 mingtasi ajrimga ariza topshirgan. Achinarlisi, shularning asosiy qismi fikrini o‘zgartirmagan. Buni kichik va tushunarli raqamlarda ifodalasak, 10 ta oiladan 6 tasi ajralmoqda, degani. Buning sabablari o‘rganilsa, deyarli hech biri bu muqaddas rishta zalvoridan ustun emas.
Sir emaski, noto‘g‘ri qarorlarga olib keluvchi eng asosiy omil ilmsizlikdir. Shunday ekan, oila ostonasiga qadam qo‘yish arafasida bo‘lgan yoshlar uchun oila maktablari tashkil etilishi lozim, nazdimizda. Bunda ularning ma’naviyatini yuksaltirish, bu muqaddas rishtaning zalvori, mas’uliyati va afzalliklari haqida jamiyatda o‘rnak bo‘layotgan ilm kishilaridan saboqlar olishlari manfaatli omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Olimlarimizning tadqiqotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarda dunyoda noma’lum bo‘lgan o‘nlab gen o‘zgarishlari aniqlandi. Bunda irsiyatning o‘rni muhimligi qayd etilib, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning xavfliligi aytilgan.
Ko‘rinib turibdiki, oilalarning erta buzilishiga, farzandlarning nuqson bilan tug‘ilishiga qarindoshlar bilan o‘rnatilgan nikoh ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Hukumatning ma’lum qonunlariga bo‘ysunmayotgan aholi qatlamiga munosib va muqarrar jazo qo‘llash lozimmikan degan xulosaga ham kelasan, kishi. Qolaversa, erta turmush ham kurashib kelinayotgan eng xavfli illatdir.
Ta’kidlash joizki, to‘y va shunga o‘xshash marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish, yoshlar ongida oila atalmish aziz dargohning zalvorini singdirish yo‘lida ulkan sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Zora mustahkam va farovon oilalar ko‘payib, ajrimlar soni kamaysa!?
Sherbek Islomov,
O‘zA