Inson doim musiqa bilan hamnafas yashaydi

140

Inson tug‘ilibdiki, bevosita musiqa bilan hamnafas yashaydi. Borliqning bor tarovati, ko‘ngilning nozik torlaridan taraladigan mahzun yoki shodon sadolar ona allasida jamlanib, uning ruhiga qo‘shiq bo‘lib singadi. Ehtimol shuning uchundir ulg‘aygan sari kishi go‘yo qo‘shiqlar bilan ulg‘ayadiganday.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, musiqaga bo‘lgan ehtiyoj insonda tabiiy tarzda shakllanadi. Negaki, yurakning urish me’yori ham musiqaning bir ko‘rinishi, aslida. Shu sababdan kishi musiqa tinglaganda qon aylanish tizimi yaxshilanadi.

Agar musiqa tempi yurak urishidan sezilarli darajada yuqori bo‘lsa, bu tinglovchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Uning fan sifatida shakllanishi olis tarixga borib taqaladi. Bizning qomusiy olimlarimiz ham uning rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Xususan, Ibn Sino, Forobiy shular jumlasidan. Hattoki shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham musiqaga oid asar yaratgan.

Zamonlar osha u ham taraqqiy etib kelmoqda. Biroq, bugungi kunda o‘zbek musiqasida ancha sifatsiz asarlarning ko‘payayotgani achinarli hol. Bunga sohada chuqur bilimga ega bo‘lmaslik, iste’dodni mehnat bilan yanada rivojlantirmaslik sabab desak, adashmagan bo‘lamiz.

Mashhurlikka intilish oqibatida ijro mahorati, bastakor salohiyatiga emas, balki texnologiyaga tayanilmoqda. Hattoki, sun’iy intellekt yordamida yuzaga kelgan qo‘shiqlar ham keng ommaga taqdim etilmoqda. Tabiiyki, bular san’at asari deyishga arzimaydi. Bu albatta, fojia.

Ammo o‘zbek milliy musiqasiga muhabbatli, uning sir-asrorlarini ustozlardan bosqichma-bosqich o‘rganib kelayotgan ijodkorlar ham talaygina. Bu esa quvonarli hol. Ma’lumki, soz va so‘zni bir nuqtada tutashtira olgan ijodkor haqiqiy san’atkor sanaladi. Ana shundagina u yaratgan asarni tom ma’noda san’at asari deyish mumkin.

Ta’kidlash lozimki, boy musiqiy merosimizni o‘rganish va uni kelajak avlodga munosib yetkazish yo‘lida muhim qadamlar tashlanmoqda. Maqom, milliy estrada, baxshichilik san’atini rivojlantirish maqsadida turli xalqaro festivallar o‘tkazilishi muntazam amalga oshirilmoqda.

Yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning yanada o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratilib, tizimli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Buning natijasi o‘laroq, xalqaro maydonda turli yosh toifasida turli yo‘nalishlarda ijodkorlarimiz nufuzli tanlovlarda sovrindor bo‘lishmoqda. Bu esa olib borilayotgan islohotlar besamar ketmayotganidan dalolat.

Sherbek Islomov, O‘zA