Markaziy Osiyoda uran ob’ektlarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda

132

Bugun Toshkent shahrida Uran merosi ob’ektlari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhning (CGULS) yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy tashkilotlar mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Qayd etilganidek, bugungi kunda uran merosi bilan bog‘liq ekologik va xavfsizlik masalalari butun dunyo miqyosida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Uran qazib olish va qayta ishlash jarayonlaridan qolgan ob’ektlar nafaqat atrof-muhit, balki inson salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois, turli mamlakatlar ushbu sohada samarali yechimlarni izlash, ilg‘or tajribalardan foydalanish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish yo‘lida birlashmoqda. Ayniqsa, bu boradagi xalqaro tajriba Markaziy Osiyoda uran bilan ifloslangan ob’ektlarni rekultivatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.

Shundan kelib chiqib, yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad ishtirokchi davlatlar o‘rtasida uran ob’ektlarini tartibga solish, ekspluatatsiya qilish va rekultivatsiya qilish sohasidagi tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Tadbir davomida radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va uran qazib olish hamda qayta ishlash faoliyati natijasida zarar ko‘rgan hududlarni barqaror tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa ishtirokchilarga sohadagi yutuqlar va mavjud muammolarni muhokama qilish, shuningdek, XAEA doirasidagi CGULS loyihasi bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish imkoniyatini beradi.

Yig‘ilishda XAEAga a’zo davlatlar vakillari uran ob’ektlarini boshqarish va xavfsiz ekspluatatsiya qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu kabi tajriba va bilim almashinuvi Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda dunyoning boshqa mintaqalari o‘rtasida samarali hamkorlikni kuchaytirish, umumiy yondashuvlar va ilg‘or yechimlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Yoqubbekov ta’kidlaganidek, Toshkentda Uran merosi ob’ektlari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhning yillik yig‘ilishini o‘tkazish O‘zbekistonning yadro va radiatsiya xavfsizligini mustahkamlash borasidagi faol pozitsiyasini yaqqol namoyon etadi.

–Unga ko‘ra, mazkur tadbir uran sanoati merosi bilan xavfsiz muomala qilish, atrof-muhitni himoya qilish va mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishiga qaratilgan umumiy chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun muhim xalqaro maydon sifatida alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga,  bu kabi yig‘ilishlar O‘zbekistonga xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, tajriba va ilg‘or yechimlardan samarali foydalanish imkonini beradi, – dedi S.Yoqubbekov.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilish o‘z o‘shini 10 oktyabrga qadar davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA