Endi vazir va hokimlikka nomzodlar antikorrupsiya bo‘yicha rejasini ham taqdim etadi

160

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, ular tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda, o‘z faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasidagi normalarning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishda faqat jazo choralari emas, balki mas’ul rahbarlarning dasturiy yondashuvi ham muhimligini ta’kidladilar. Nomzodlardan shunday rejalarni taqdim etish talabining belgilanishi tizimda ochiqlik va javobgarlikni kuchaytirishini bildirdilar. Shuningdek, rahbar lavozimlarga tavsiya etilayotgan shaxslarning davlat xizmatini ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari asosida amalga oshirishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA