“Vatandosh” kartasiga ega hamyurtlarimizga davlat bojida imtiyozlar beriladi

148

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan doimiy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini rag‘batlantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.

Bu borada Prezidentimizning 2024 yil 20 noyabrdagi tegishli qarori bilan yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartalari joriy etildi.

Endilikda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga mazkur karta egalari va ularning oila a’zolari uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida ko‘rsatiladigan ayrim davlat xizmatlari uchun davlat bojidan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, “Vatandosh” kartasi egalari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda, ularning oila a’zolari amaldagi viza muddatini ko‘p martalik qilib uzaytirganda, shuningdek, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganda va ro‘yxatga olingan muddatini uzaytirganda, davlat bojidan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Ushbu tartiblarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida deputatlar mazkur qonun loyihasi xorijda yashab, faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissasini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, vatandoshlarimizga O‘zbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun qulay huquqiy, ijtimoiy sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA