Senatning o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bugun o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Majlis jarayonlari Senatning YouTube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali onlayn yoritilmoqda.
Yalpi majlis birinchi ish kunida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, noshirlik faoliyati, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari yanada jadallashtirilishi, kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish, transport xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishni tizimlashtirishga qaratilgan qonunlar ma’qullandi.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun vakolatli organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagani va boshqa kamchiliklari borligi uchun rad etildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kunida parlament nazorati doirasidagi qator masalalar, xususan, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti va O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.
Samarqand viloyatining ayrim hududlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida, talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, o‘quvchilarni sifatli darsliklar bilan ta’minlash yuzasidan tegishli tashkilotlarga parlament so‘rovlari yuborishga oid masalalar muhokama etiladi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sohada ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha parlament so‘rovi natijalari, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA