“Talabalar shukronasi...”

Toshkent shahar Yoshlar markazida 1-bosqich talabalarini “Yoshlik” talabalar shaharchasi hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Talabalar shukronasi” nomli bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi Qahramon Shonazarov, Toshkent shahar 1-sonli IIB boʻlimi boshligʻi Shavkat Mirzajonov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi shaharcha kengashi raisi Oʻtkir Mahkamovlar ishtirok etib, yurtimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida samarali ishlar qilinayotganini alohida taʼkidlashdi.

IMG_1449.JPG

Davlat rahbarining 2017 yil 6 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur ishlar rivojida dasturilamal boʻlmoqda.

Aytish joizki, “Yoshlik” talabalar shaharchasida mamlakatimizdagi eng yirik oliygohlar, jumladan, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetlari joylashgan. Mazkur oliy oʻquv yurtlarida jami 22 ming 8 yuz 26 nafar talaba tahsil oladi.

Shuningdek, mazkur muassasalarga va yana shaharcha hududidan tashqarida joylashgan Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya universiteti hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga qarashli jami 29 talabalar turar joylari mavjud.

Tadbirda yil davomida talabalar shaharchasida amalga oshirilgan loyihalar, jamoatchilik xavfsizligi, jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan ishlar va bu borada talabalarning vazifasi qanday boʻlishi xususida maʼlumotlar berildi.

Mazkur talabalar shaharchasi huzuridagi toʻlovlarsiz amalga oshiriladigan toʻgaraklar va shu kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazildi.

Tadbir soʻngida sanʼatkorlar ijrosida yangragan kuy-qoʻshiqlar bayramga yanada zavq bagʻishladi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA