Yoshlarni sog’lom turmush tarziga yo‘naltirishda katta qadam

389

Beruniy tumanida joylashgan Tinchlik ovul fuqarolar yig’inida yoshlar hayotida muhim voqea ro‘y berdi. Mahallada zamonaviy universal sport maydoni qurilib, ishga tushirildi. 2024 yilda “Besh tashabbus Olimpiadasi” Respublika bosqichida engil atletika bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 16-21 yoshli qizlar jamoasi ushbu yutuqni o‘z mahallasini xursand qilish va yoshlarga tuhfa sifatida taqdim etdilar, – deb ma’lumot beradi tuman hokimligi Axborot zxizmati bo‘limi.

Maydon turli sport turlari bilan shug’ullanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yoshlarni sog’lom turmush tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2025 yilda ham Tinchlik ovuli yoshlari yangi zafarlarga erishdi. Qizlar jamoasi yana 1-o‘rinni, yigitlar jamoasi esa 3-o‘rinni egallab, tuman darajasida faxrli natijalarni qayd etdi. G’oliblarga Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari D.Karimov tomonidan tashakkurnomalar va esdalik sovg’alari topshirildi.

Tadbir yakunida yoshlar uchun maxsus kontsert dasturi uyushtirildi. Mahalliy ijodkorlar va yoshlar ishtirokidagi chiqishlar borasida kutilganidan ham yuqori kayfiyat hukm surdi. Bu kecha yoshlar uchun nafaqat bayram, balki faxr va ilhom manbai bo‘ldi.

Tinchlik ovulida yoshlar sport orqali o‘z salohiyatini namoyon etishmoqda. Mahallada yaratilgan yangi shart-sharoitlar yosh avlodning sog’lom va faol hayot kechirishiga xizmat qiladi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi