Bog’ va dalalarda fitosanitar nazorat kuchaytiriladi

Respublikamizda zararli organizmlarga qarshi o‘z vaqtida samarali kurashish tadbirlarini tashkil etish va fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 2025 yil 7 iyuldan 7 avgustgacha “Dolzarb o‘ttiz kunlik” o‘tkaziladi, – deb xabar bermoqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.
Bunda quyidagi zararli organizmlarga qarshi tizimli kurash choralari olib boriladi:
“Sharq mevaxo‘ri” ((Grapholitha molesta) – mevali bog’larda mevalar ichida qurtlar rivojlanib, mevani chiritadi. Eksportga tayyorlanayotgan mahsulot uchun katta iqtisodiy zarar keltiradi.
“Qovun pashshasi” (Carpomya pardalina Bigot) – poliz ekinlari sifati va miqdorini keskin pasaytiradi, mahsulotning eksport ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi.
“Sariq o‘t” (Cuscuta.sp) – ildizmevali yovvoyi o‘t bo‘lib, u madaniy ekinlarning o‘sishiga jiddiy to‘sqinlik qiladi. Tez ko‘payadi va er osti ildizi orqali ko‘p yillar yashaydi.
“Sudralib yuruvchi kakra” (Acroptilon repens D.C) – paxta, g’alla, poliz ekinlari dalalarida uchraydi va ularning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.
“Dolzarb o‘ttiz kunlik” doirasida qo‘shma tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularning amalga oshirilishi bo‘yicha tizimli nazorat olib boriladi. Davlat inspektorlari tomonidan poliz ekinlari dalalarida va zararli o‘tlar tarqalishi mumkin bo‘lgan maydonlarda nazorat kuchaytirilib, dala nazorati elektron dasturi orqali hisobot yuritiladi.
Fitosanitar dala nazoratini amalga oshirish davomida aniqlangan zararli organizmlarga qarshi o‘z vaqtida kurashish ishlarini olib bormagan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan chora ko‘riladi.
“Sariq o‘t” va ” Sudralib yuruvchi kakra” yovvoyi o‘tlar tarqalishining oldini olish uchun bog’dorchilik va dehqonchilik xo‘jaliklarida, shaxsiy tomorqa, korxona, tashkilot, katta yo‘l bo‘ylari va boshqa maydonlarda karantin tadbirlari o‘tkaziladi.
A.Jiyemuratov,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi.