Ch.Abdirov nomidagi madaniyat saroyida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qurilish fakulteti tashabbusi bilan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida “Biz bir oila farzandlarimiz” mavzusida millatlararo totuvlik va do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog’iston bo‘limi boshlig’i T.Atamuratov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alao‘atdinov va qurilish fakulteti dekani T.Uzaqovlar mamlakatimizda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan davlat siyosatini qizg’in qo‘llab-quvvatlab, bu borada Prezidentimiz rahbarligida ko‘plab ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
– Universitetimiz O‘zbekistondagi eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, bugungi kunda o‘quv dargohimizda 27 mingdan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda, – dedi universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alao‘atdinov. O‘tkazilayotgan ushbu festival ana shunday hamjihatlikning yorqin ifodasidir.
Tadbir davomida festival doirasida o‘tkazilgan bir qator tanlovlarda faol ishtirok etib, g’oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar va ularning ota-onalariga tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan maxsus diplom, sertifikat va Tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Festival Qurilish fakulteti talaba-yoshlari va “Hurliman” ansambli a’zolari tomonidan tayyorlangan xalqlar do‘stligini aks ettiruvchi kontsert dasturi bilan juda qiziqarli o‘tdi.
Adilbay Orazov,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi sharhlovchisi.