Ruhiy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik fazilatlari ulug’lanmoqda

Butun xalqimiz bu yilgi Ramazon oyini har tomonlama munosib o‘tkazib, ulug’ ayyom – muborak Ramazon hayitini ko‘tarinki ruhda nishonladi.

Chindan ham, tom ma’noda insonparvarlik g’oyasi aks etgan muqaddas islom dinining ezgu qadriyatlari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga nechog’li hamohang ekani Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Ma’naviy poklanish, sabr-qanoat, shukronalik, xayr-saxovat fazilatlari ulug’lanadigan ushbu oyni milliy urf-odat va an’analarimizga mos ravishda yuksak saviyada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Bu muborak oyning “Ramazon – saxovat, birlik va bag’rikenglik oyi” degan g’oya asosida o‘tkazilgani jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalar, keksa, nogiron va yolg’iz insonlar holidan xabar olish, kambag’al insonlarning og’irini engil qilish, uy-joylar va mahallalarni obodonlashtirish, uch avlod vakillari ishtirokida ommaviy ko‘chat ekish tadbirlari va boshqa ko‘plab xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Joriy yil 30 mart kuni yurtimizning barcha masjidlarida, jumladan, Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jom’e masjidida ham muborak Ramazon hayiti ko‘tarinki ruhda kutib olindi. Bu ulug’ ayyomda barcha musulmonlar bir-birini bayram bilan qutlab, shunday ajoyib kunlarga etkazganiga shukrona keltirdi.

Albatta, bugungi tinch-osoyishta hayotimizning qadriga etish, jamiyatimizda hukm surayotgan turli millat va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi bag’rikenglik, bir-biriga bo‘lgan o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlash barchamizning asosiy vazifamizdir.
Barcha masjidlarda imom-xatiblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan taqdim etilgan “Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!” tezisi ostida ma’ruza qilib, dinimizdagi ulug’ bayramlardan biri – Iydul-fitr kuni ibodatlari, savobi, fazilatlari haqida ma’lumotlar berdi.

Ramazon oyi va hayiti munosabati bilan 3492 nafar kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan insonlar va yolg’iz keksalarga 1 milliard 967 million 492 ming so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Ramazon hayiti namozi respublikamizdagi 64 ta masjidda o‘qildi. Hayit namozida jami 38 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Namozda vatanimiz ravnaqi, yurtimiz farovonligi, xalqimiz tinchligi uchun duo qilindi.

A.Jiyemuratov,
Qoraqalpog’iston axborot agentligi.
M.Habibullaev olgan suratlar.