Bir zarbda o‘qilgan she’r

741
21 mart – O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud topgan

Har birimiz hayotida shunday voqea, lahzalar bo‘ladiki, ular bizning o‘y-xayolimizdan, qolaversa qalbimizdan hech qachon o‘chmaydi, mangu saqlanib qoladi. Mening hayotimda ham shunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Bugun ana shulardan birini e’tiboringizga havola etmoqchiman.

1992 yilning sentyabr oyidan O‘zbekiston radiosining Adabiyot muharririyatida ish boshladim. Mazkur muharriyatda bu paytga kelib, Orziqul Ergash, Erkin Usmonov, Shoyim Bo‘taev kabi yozuvchilar, Rustam G’ani, Minhojiddin Mirzo, Toir Yunus singari shoirlar ishlashardi. Oradan ko‘p o‘tmay men ham o‘zimning “Bir asar tarixi” deb nomlangan mualliflik eshittirishimni yo‘lga qo‘ydim va uning ilk sonini O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’ri tarixiga bag’ishlashga qaror qildim. Chunki mazkur she’r o‘sha vaqtda juda mashhur bo‘lib, tildan tilga ko‘chib yurardi.

U paytlar Abdulla aka O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi (hozirda Mualliflik huquqini himoya qilish departamenti)  direktori vazifasida xizmat qilardi. Ustozga telefon qilib, maqsadimni tushuntirdim. U kishi rozi bo‘lgach, “Ishxonaga kelaqol” dedilar. Tezda etib bordim. Bir soatga yaqin vaqt ichida suhbat yakunlandi. Xuddi shu erda mazkur suhbatda bayon etilgan ustozning ayrim gaplarini e’tiboringizga havola etsam.  “Bu she’rni 60-yillarda boshlaganman. Uning dastlabki 15-20 qatordan iborat parchalari Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning gazetasida bosilib chiqqan. She’rning ilk satrlari “Tog’larini kuylaydi Rasul, Qanotida kumush diyori” deya boshlanardi…” “Men she’rda o‘sha paytlarda yurtimizni bosib olgan bosqinchilarning ayrimlarini sanab o‘tganman:

 

Seni Chingiz g’azabga to‘lib,

Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan,

Jaloliddin samani bo‘lib,

Sakrab o‘tding Amudaryodan”…

 

“ O‘quvchida nega boshqa bosqinlarni aytmagansiz?” degan savol tug’ilishi mumkin. Axir u vaqtda qizil ajdahoning og’zida turib, yashagan kunlarimiz edi. U paytda bu borada gapirishning o‘zi mumkin emasdi”. “…Men o‘z ijodimda bir qadar yaxlit, bir qadar ko‘nglim to‘ladigan she’rlarimdan biri deb, ana shu “O‘zbekiston” qasidasini bilaman…”

Ishxonaga kelgach, hamkasblarimga suhbat yaxshi o‘tganligini aytdim. Shunda ular: “Abdulla aka she’rni ham o‘qib berdilarmi” deb qolishdi. Men ularga she’rni aktyorlardan biriga o‘qitaman dedim. Ular esa: “She’rni Abdulla akaning o‘zi o‘qisa yaxshi bo‘lardi, chunki hech kim shoirning o‘zi kabi chiroyli o‘qiyolmaydi” deyishdi. Shundan so‘ng, Abdulla akaga yana qo‘ng’iroq qilib, “she’rni o‘zingiz o‘qisangiz yaxshi bo‘lardi, ko‘pchilik shunday bo‘lishini istashyapti” dedim. Abdulla aka rozi bo‘lgach, u kishini studiyaga taklif qildim. Shunda Abdulla aka: “O‘zing uyga kelaqol. Radioga borgach, men sizlarni qidirib yurmayin” dedi. O‘shanda Abulla aka “Bolalar dunyosi” yaqinidagi to‘rt qavatli uyda yashar va bu joy radioga uncha uzoq emas edi. Borib, Abdulla akaga qo‘ng’iroq qildim. Ustoz ko‘p kuttirmay, pastga tushdilar. To radioga etguncha, uyoq-buyoqdan gaplashib keldik. Radioga kelgach, uchinchi qavatda joylashgan 16-studiyaga ko‘tarildik. Studiyada ishlayotgan qiz g’oyatda band ekanligini,  hozir yangi yozuv boshlanishini aytdi. Ilojsizlikdan yana qaytadan birinchi qavatdagi studiyaga tushdik. U erda rusiyzabon Temur degan tatar yigit ishlardi. Men unga Abdulla aka shoshib turganligini, ishni tezroq boshlash kerakligini tushuntirdim. Shundan so‘ng yozuv boshlandi. Abdulla aka endi she’r o‘qishni boshlagan ham ediki, Temur birdan “Stop!” desa bo‘ladimi, Abdulla aka to‘xtashga majbur bo‘ldi. Ruxsat berilgach, ustoz o‘qishni davom ettirdi. Oradan uncha ko‘p o‘tmasdan yana operatorning “Stop!”  degan buyrug’i jarangladi. Bu gal ustoz savolli va norozi nigoh bilan menga qaradi. Men u kishiga tasma sal eskirganligini, uning ulangan joylari borligini aytdim. Shunda Abdulla aka: “Men tushundim. Lekin ogohlantirib qo‘yay, yana bir marta to‘xtatsalaring, qayta o‘qimayman, ketaman. Chunki shoshib turibman” dedi. Men bu gapdan so‘ng xavotirga tushdim. Axir bu eshittirish boya aytib o‘tganimdek, radiodagi ilk eshittirishim edi. Yana bu holat el sevgan, mashhur shoir Abdulla Oripov bilan yuz berishini xayolimga ham sig’dirolmasdim. Abdulla aka yana o‘qishga tutindi. Ming afsuslar bo‘lsinki, yana Temurning o‘sha  “Stop” degan ovozi yangradi. To‘g’ri, bu erda Temurning hech qanday aybi yo‘q edi. Chunki u  sifatsiz yozsa, baribir bu eshittirish efirga berilmasdi. Hamma ayb eski, qayta-qayta ulangan tasmada edi. Abdulla aka o‘zi aytganiday paltosini kiyib, studiyadan shiddat bilan chiqib ketdi. Men esa u kishining ortidan yugurdim. Shunda oldimizdan shoir, hamkasbim Rustam G’ani chiqib qoldi. Vaziyatni unga qisqacha tushuntirdim.  U kishi darrov ustoz bilan  so‘rashib,  uning qo‘ltig’idan tutib, uchinchi qavatdagi, birinchi borganimiz, 16-studiyaga  boshladi. Men darrov hali ishlatilmagan yangi bir tasmani Barno ismli operator qizga berdim. Ustoz paltosini ham echmasdan, stulga o‘tirdilar. Operatorning ishorasi bilan yozuv boshlandi. Abdulla aka 150 misradan iborat katta bir she’rni o‘qish jarayonida biror marta ham adashmadi, operator ham u kishini to‘xtatmadi.  She’r g’oyatda sifatli yozib olindi. Tez orada suhbat va she’r efirga uzatildi va ko‘pchilikning olqish, e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda bu eshittirish O‘zbekiston radiosining oltin fondida saqlanmoqda.

                                                                         Turob NIYoZ, O‘zbekiston 

Yozuvchilar uyushmasi a’zosi