Yoʻlovchilarga “tarqatilgan” noqonuniy tovarlar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tegishli organ vakillari bilan hamkorlikda yoʻlovchi poyezdlarda tovar moddiy boyliklarini respublikamiz hududiga noqonuniy olib kirilishining oldini olish borasida qator tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.
Bu harakatlar natijasida qonun buzilishi holatlari oldi olinmoqda. Bojxona boshqarmasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar guruhi katta inspektori Jenisbay Saparbayevning taqdim etgan maʼlumotiga koʻra, 648-sonli Beyneu – Nukus yoʻnalishidagi yoʻlovchi poyezdi bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan. Koʻrik jarayonida fuqaro J.Suyunxanov hech qanday hujjatlari boʻlmagan qiymati 10 million 924 ming soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlarini mamlakatimiz hududiga mazkur poyezd vagonlarida yoʻlovchi sifatida kelayotgan fuqarolarga tarqatish orqali yashirin ravishda olib kirmoqchi boʻlganligi aniqlandi.
Shuningdek, Toʻrtkoʻl tumani hududida chet davlatdan noqonuniy ravishda olib kelingan tovar moddiy boyliklarni xonadonlarda yashirin ravishda saqlanishini aniqlash borasida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro B.Urunovning xonadonidan hech qanday hujjatlari boʻlmagan 27 million 521 ming soʻmlik tish davolashda foydalaniladigan tibbiyot vositalari noqonuniy saqlab kelinganligi aniqlandi.
Yuqorida keltirilgan huquqbuzarliklarga nisbatan sud tomonidan tegishli tartibda jazo choralari belgilandi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA