
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirga mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ustoz jurnalistlar, media sohasining vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Taqdimotni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.Xolmurod Salimov ochib, “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobining nashrga tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berdi.
—Yangi O‘zbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish bo‘yicha ish olib borar ekanmiz, bu jarayonda jurnalistikaning asosi hisoblanmish bosma ommaviy axborot vositalarini rivojlantirmay, gazeta va jurnallarimizda rang-baranglikni ta’minlamay turib, maqsadga – milliy jurnalistikamiz ravnaqiga erishib bo‘lmaydi, — dedi Xolmurod Salimov. – Jurnalistikaning turli janrlarida o‘qishli materiallar yoza oladigan ustozlar hayotligida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida ularning tajribasini yoshlarimizga o‘rgatish, qiziqishini oshirish bo‘yicha bir qator ishlarni bajarish muhimdir. Ana shu ishlar doirasida ustoz jurnalistlar, “Oltin qalam” tanlovi g‘olib va sovrindorlarining turli janrlarda mahorat bilan yozilgan eng sara materiallaridan namunalarni yig‘ib, kitob holida chop etish g‘oyasi paydo bo‘ldi. “Oltin qalamli jurnalistlar” nomini olgan ushbu to‘plam ijodkorlarga bu borada zarur qo‘llanma sifatida xizmat qiladi.
Taqdimot tadbirida “Yangi O‘zbekiston” va «Pravda Vostoka« gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “Ishonch” va “Ishonch – Doveriye” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, taniqli jurnalist va publitsist Xurshid Do‘stmuhammad, ustoz fotoijodkor Abdug‘ani Juma, “Guliston” jurnali bosh muharriri Mamatqul Hazratqulov, “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov Jurnalistlar uyushmasining mazkur yangi tashabbusining ahamiyati xususida batafsil to‘xtaldi.
—Darhaqiqat, bugungi kunda milliy jurnalistikamizda feleton, jurnalistik surishtiruv janrlari juda kam, deyarli uchramayapti, — dedi “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri, taniqli jurnalist Abdurasul Jumaqulov. – Biz – ijodkorlar so‘zning qadrini baland ko‘tarmog‘imiz kerak. Bugun taqdimoti bo‘lib o‘tayotgan kitob milliy jurnalistikamizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Uyushma tomonidan ming nusxada chop etilgan mazkur kitobga 50 nafarga yaqin ustoz jurnalistlarning publitsistika, jurnalistik surishtiruv, ocherk, feleton kabi 8 ta janr bo‘yicha eng sara materiallari kiritilgan. Shuningdek, kitobdan 9 nafar mahoratli fotojurnalistlarning turli rakurslardan olingan 70 ga yaqin fotometariallari o‘rin olgan.
Aytish kerakki, ushbu kitobni yaratishda Abdusaid Ko‘chimov, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, O‘tkir Rahmatov, Sherzodxon Qudratxo‘ja, Salim Doniyorov, Halim Saidov kabi ustoz jurnalistlar, atoqli qalamkashlar bilan bamaslahat ish olib borildi.
Ma’lum qilinganidek, endilikda uyushma tomonidan har yili “Oltin qalamli jurnalistlar” seriyasi ostida kitob nashr etib boriladi.
Tadbir yakunida Uyushmaga yangi qabul qilingan a’zolarga guvohnomalar topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Otabek Mirsoatov (surat),
O‘zA