JICA loyihalari parlamentlararo aloqalar va inson resurslarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi bilan uchrashdi.
Muloqot davomida joriy yil yanvar oyida JICA Prezidenti A.Tanakining O‘zbekistonga tashrifi va Prezident Sh.Mirziyoyev bilan uchrashuvi muhim voqea bo‘lgani va Agentlik bilan samarali hamkorlik tarixida yangi bosqich ochilgani e’tirof etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, JICAning turli o‘quv loyihalari parlamentlararo aloqalar va inson resurslarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ma’lumki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi 50 yildan ortiq vaqt davomida rivojlanayotgan mamlakatlarning mustaqil va barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va inson resurslarini rivojlantirishga ko‘maklashib kelmoqda.

Joriy yilda davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligi, energetika, xususiy sektor kabi sohalarda JICA bilan amaliy o‘quvlarni tashkil etish va bu dasturlarga xotin-qizlarni kengroq jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, kelgusida hududiy parlament vakillari — mahalliy kengash deputatlari uchun malaka oshirish dasturlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA